Afg'oniston: Shia markaziga hujumda 40 dan oshiq odam o'ldi

  • Amerika Ovozi

Afg’oniston poytaxti Kobulda ketma-ket portlashlar kamida 40 odamni hayotdan olib ketdi, jarohatlanganlar 90 ga yaqin. Shialarning madaniy markazi hamda “Afg’on Ovozi” axborot agentligi joylashgan bino nishonga olingan.

Hujumni “Islomiy davlat” jangari guruhi uyushtirganini tan oldi. “Tabayan” shia markazida Afg’oniston tarixiga bag’ishlangan tadbir paytida uch portlash ro’y bergan. Guvohlarga ko’ra, o’lganlar orasida ayollar va bolalar ham bor.

"Islomiy davlat" ilgari ham shia ziyoratgohlarga va marosimlar paytida hujumlar uyushtirgan.

​Rasmiylar xavfsizlik sust ekani haqidagi tanqidlarga javoban deydiki, madaniy markaz tadbir o'tkazilishi haqida oldindan politsiyani xabardor qilmagan.

Prezident Ashraf G'ani xurujni "insoniyatga qarshi jinoyat" deb qoraladi.

"Terrorchi guruhlar va ularning homiyalari bilsinki, afg'on xalqi kuchli va birdam. Bunday hujumlar xalq idorasini sindira olmaydi", - deyiladi prezident idorasi chiqargan bayonotda.

Tolibon harakati hujumga aloqador emasligini, xususan madaniy va ta'limiy markazlarni nishonga olmasligini bildirmoqda.

Kecha Afg’oniston janubidagi Lashkargoh shahrida, harbiy baza yonida ham mashina portlashi oqibatida 15 kishi yaralangan edi. Deyarli barchasi askarlar. Hujum ortida Tolibon harakati turgani ma’lum. Hilmand poytaxti Tolibon mahkama o’rnashgan hududlardan hisoblanadi.