AQShning Afg’onistondagi elchisi Rayan Kroker fikricha mamlakatda mazhablararo nizo keng tus olmaydi.
Shia yetakchilar xalqni tinchlikka undar ekan, jamoatchilik hamjihatlik yo’lidan boradi, deydi elchi.
5-dekabr kuni Kobulda shia ayyomida ikki joyda katta portlash yuz berib, 59 kishini hayotdan olib ketdi.
Bu xurujlar, deydi Amerika diplomati, ajnabiy kuchlarining, ya’ni Afg’onistondan tashqarida bo’lgan jangari guruhlarining ishi.
Portlashlarni Pokistonda asoslangan Lashkari Toiba guruhi o’z zimmasiga olgan.
Bugun Afg’oniston shimolida yuz bergan portlashda ikki kishi o’lgan. Hodisa Qunduzda ro’y bergan. Halok bo’lganlardan biri mahalliy yetakchi.
Janubda, Qandahor viloyatida ham bomba portlab, uch kishi nobud bo’lgan.
Pokistonda Tolibon rahbarlaridan biri Mulvi Faqir Muhammadning tasdiqlashicha, harakat hukumat bilan tinchlik muzokaralari boshlagan.
Islomobod bu borada og’iz ochmayapti. Lekin sal avval “jangarilar bilan gaplashishga majburmiz” deya bayon qilgan edi. Lekin Tolibon avvalo qurolni tashlashi kerak, deydi rasmiylar.
Pokistonga milliardlab dollar yordam ajratib kelayotgan Amerika bunday muzokaralarga qarshi. Vashington nazarida, Pokistondagi toliblar - terroristlar.