Afg'oniston-Tolibon muzokaralari yana kechiktirildi

  • Amerika Ovozi

Kobul

Afg’oniston rasmiylari va Tolibon harakati vakillari yana Pokistonda uchrashib, tinchlik muzokaralarini davom ettirmoqchi edi. Lekin Tolibon muzokarani kechiktirishni so'ragan.

Uchrashuv 30-iyulda Xitoyning Urumchi shahrida o’tkaziladi, degan xabar tarqalgan ammo Pokiston hukumati unga o'zi 31-iyulda mezbonlik qilishini bildirgan.

Taraflar 7-iyul kuni Islomobodda uchrashgan. Bu ularning so’nggi 14 yildagi birinchi bevosita muloqoti bo’ldi. Xitoy va AQSh rasmiylari muloqotni kuzatgan.

Afg’oniston Prezidenti so’zlovchisi Sayid Zafar Hoshimiy shanba kuni “Amerika ovozi”ga delegatsya tarkibi va uchrashuv joyi hamon muhokama qilinayotganini aytgan edi.

Taraflar otashkesim hamda o’zaro ishonch masalasini muhokama qilishi rejalangan edi.

Pokistonda panoh topgani aytiladigan toliblar bilan uchrashishga rozi bo’lgani uchun Prezident Ashraf G’ani parlament a’zolari hamda matbuotda tanqidga uchradi.

Jarayonga vositachilik qilayotgan Pokiston Tashqi ishlar vaziri Tariq Fotimiy Islomobod Tolibon va Kobuldagi hukumat o’rtasida aloqalarning chuqurlashishiga hissa qo’sha olishini, biroq Tolibonni to’la nazorat qila olishi haqidagi iddaolar yolg'on ekanini ta'kidladi.

AQSh hukumati Prezident G’anining Tolibon bilan tinchlik muzokaralarini boshlash tashabbusini olqishlaydi.

Tolibon yetakchisi Mulla Umar hayit tabrigida tinchlik muzokaralarini diniy nuqtai nazardan “qonuniy” deb atagan edi.