Afg’oniston va Pokistonda ayollar eng ko’p aziyat chekmoqda

  • Amerika Ovozi

Afg'on ayollari prezidentlik saylovida ovoz berish uchun navbatda turibdi. Mozori-Sharif. 5-aprel 2014.

Pokiston va Afg’onistondagi notinchliklardan eng ko’p aziyat chekkanlar – ayollar. Terrorizm, qabilaviy nizolar, keng tarqalgan jinoyatlar va adolatsizlik xotin-qizlarning ta’lim olish va ishlash kabi imkoniyatlarini cheklashda davom etmoqda.

So’nggi yillarda Pokiston va Afg’onistonda ayollarning jamiyat hayoti va siyosatdagi faolligi ancha oshdi. Ammo, tahlilchilar fikricha, erishilgan yutuqlar tahdid ostida. Afg’onistonda Tolibon ayrim hududlarni yana o’z nazorati ostiga olmoqda.

Afg’oniston tadqiqotlar va baholash bo’limi deb nomlangan mustaqil institut rahbari Nodir Nodiriy deydiki, qonun ustuvor emas ekan, ayollarga nisbatan zo’ravonliklarni sodir etganlar ko’p hollarda jazolanmaydi.

Demak, asosiy vazifa – xotin-qizlarni himoya qilish. Ammo bu masalada ham muammolar talay, deydi Kobulda asoslangan bu muassasa boshlig’i.

“Ayrim hollarda himoya deb erkaklar ayollarga jamiyat hayotida, iqtisod va siyosatda ishtirok etishni man qilyapti. “Men seni asrab-avaylaganim uchun, uyga qamayapman”, qabilidagi gaplar aytiladi ayollarga. Toliblar ko’p yillardan beri aynan shunday qilib kelgan,” - deydi Nodiriy.

Pokistonda ham Tolibon nazoratidagi mintaqalarda qizlar nishonga olinmoqda, ayollar esa burqaga kirib, uyda o’tirishga majbur, deydi jamiyatshunos-olim Nazish Brohiy.

“Qizlar boradigan 500 dan ortiq maktab portlatildi. Siyosatda faol, turli mansablarga saylangan ayollarga nisbatan tahdidlar qilindi. Toliblar ulardan faoliyatini mutlaqo to’xtatishni talab qilib, aks holda jazolanishini aytib, qo’rqitdi. Ikki ayol otib o’ldirildi. Oqibatda boshqa ayollar yo iste’fo berdi, yoki ishga bormay qo’ydi,” - deydi u.

Pokiston janubi va janubi-g’arbidagi etnik zo’ravonliklar ayollarni uyga qamalib o’tirishga majbur qildi. Brohiy deydiki, Pokistonda qonun ustuvorligi xavf ostida ekan, ayollar davlatdan najot kutmaydi. Idoralar kuch va samarasini yo’qotgan, deydi mutaxassis.

“Eng asosiy muammo – aybdorlarni jazolamaslik. Davlat jinoyat sodir etganlarni javobgarlikka tortmayapti, chunki unda buning uchun na imkoniyat bor, na xohish”, - deydi olim.

Ammo har ikkala mamlakatda ayollar o’z haqqini talab qilishda davom etmoqda.

Afg’onistonda xotin-qizlar Tolibon hukm surgan davrni yaxshi eslaydi. Ilgarigi qiyinchiliklar takrorlanmasligi uchun ular o’z huquqlarini cheklaydigan yangi qonun loyihalariga qarshi chiqmoqda, deydi Nodiriy.

“Ayollar kurashni jadallashtirib, ko’chalarga chiqdi. Parlamentga murojaat qildi. Hatto prezident eshigini qoqdi”.

Va ular g’alaba qozonayotgandek…