Afg’onistonda AQSh bazasiga hujum; Kobulda namoyishlar

  • Amerika Ovozi

Afg’onistonning Qandahor viloyatida toliblar AQSh harbiy bazasiga hujum qilgan. Jangarilar dastlab raketa hujumi uyushtirib, so’ng bazaga bostirib kirishga uringan. Otishma bir soat davom etib, Tolibon chekingan.

Qandahordagi bu harbiy ob’yekt AQShning eng yirik bazasi sanaladi. Toliblar avvalroq, bahorda ham unga hujum qilishga harakat qilgan.

Bu orada shimoldagi Balx viloyatida jinoyatchilar Kobul Bankidan 275 ming dollarni o’marib, olti soqchini o’ldirgan. Soqchilarning ba’zilari zaharlagan, boshqalari pichoqlab ketilgan.

Afg’oniston notinch ekan, aholi orasida norozilik hissi kuchli. Kuni-kecha poytaxt Kobulda namoyishlar o’tgan.

Aholi NATO hujumlaridan, fuqaro o’limidan g’azabda. “Prezident Hamid Karzay biror chora ko’rsin”, - deb talab qilmoqda ular.

“Amerika harbiylari tinch aholiga hujum qilmoqda, bunga chidab o’tirmaymiz”, - deydi namoyishchilardan biri. “Qo’shma Shtatlar huquqni bayroq qilib ko’tarsa-da, aslida fuqaroga jabr bermoqda”, - deydi u.

Prezident Hamid Karzayning aytishicha, o’tgan oygi hujum tergov qilingan. Xulosa shuki, NATO Hilmand viloyatida Rigi qishlog’iga raketa otgan va bundan aholi talofat ko’rgan.

Biroq AQSh o’tkazgan tekshiruvga ko’ra, fuqaroga ziyon yetmagan.

Aynan aholi orasida qurbonlar Karzay ma’muriyati va xalqaro koalitsiya tortishuviga sababchi asosiy muammo bo’lib qolmoqda.

BMT hisob-kitobiga ko’ra, o’tgan yili Afg’onistonda 2500 fuqaro halok bo’lgan. Ammo bunda asosan Tolibon aybdor, deydi BMT rasmiylari.