Afg'onlar bugungi kun haqida qanday fikrda?

  • Amerika Ovozi

Afg'onistonda o'tkazilgan yangi ommaviy so'rov natijasiga ko'ra, aholi orasida kelajakka ishonch past va xavotir kuchli.

AQShda asoslangan Osiyo jamg'armasi olib borgan izlanishlarda xavfsizlik, korrupsiya va ishsizlik afg'on xalqini qiynayotgan eng katta muammolar sifatida tilga olingan.

Aholining 40 foizdan ziyodi mamlakat noto'g'ri yo'ldan ketmoqda deb hisoblaydi. Bu o'tgan yilgi ko'rsatkichdan ikki foizga yuqori. Lekin respondentlar Afg'oniston kelajagi qorong'i degan fikrdan ham yiroq.

AQSh yetakchiligidagi xalqaro kuchlar kelasi oy oxirigacha Afg'onistonni tark etishi kutilyapti. Shundan so'ng mamlakat xavfsizligi uchun mas'uliyat to'liq mahalliy kuchlar qo'liga o'tadi.

Afg'onlar nazarida armiya eng kam korrupsiyalashgan organ bo'lib, unga nisbatan ishonch oshib bormoqda. Boshqa sohalarda esa yulg'ichlik juda chuqur ildiz otgani aytiladi.