AQSh rahbari Donald Tramp keyingi prezidentlik saylovigacha, ya'ni 2020-yilning noyabridan oldin Afg'onistondagi qo'shin sonini kamaytirmoqchi. 2017-yilda e'lon qilingan strategiyada bunday muhlat belgilanmagan, Tolibonni tinchlikka ko'ndirish maqsad qilingani aytilgan edi. Strategiya o'zgarayotgan ko'rinadi.
"Prezident cheksiz urushlarni tugatmoqchi, qo'shinni kamaytirmoqchi. Umid qilamizki, mintaqada harbiy kuchlarga ehtiyoj kamayadi", - deydi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo.
Vaqt jadvalining e'lon qilinishi Tramp saylovgacha askarlarni Afg'onistondan qisman olib chiqish uchun Tolibon bilan har qanday kelishuvga rozi bo'ladi, afg'on hukumatining xavotirlariga quloq solib o'tirmaydi, degan qarashlarni kuchaytirmoqda.
"To'satdan Trampning saylov sanasiga mos keladigan muhlatga rioya qilishi - Afg'onistonga tinchlik olib kelishdek muhim vazifadan muhimroq bo'lib qoldi", - deydi Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani maslahatchilaridan biri.
Uning aytishicha, AQShning qo'shinlarni olib chiqishga shoshilishi Tolibonga qo'l keladi. Afg'oniston armiyasi yaqin orada yakka jang qilishiga to'g'ri keladi, deydi ismini oshkor etishni istamagan rasmiy.
Afg'onistonda shu yil sentabrda prezident saylovlari kutilmoqda. Shu bilan birga, AQSh va Tolibon o'rtasida tinchlik muzokaralarining navbatdagi davrasiga tayyorgarlik ketyapti. Agar Tolibon Tramp nima bo'lishidan qat'iy nazar askarlarni mamlakatdan olib chiqishiga ishonsa, bu AQShning muzokara pozitsiyasini susaytiradi.
Davlat kotibi Mayk Pompeo va Prezident Ashraf G'ani o'tgan hafta telefon orqali suhbatlashib, urushga chek qo'yish "sa'y-harakatlarini tezlashtirishga" kelishib olgan. AQSh muayyan shartlar asosida qo'shinlarini olib chiqishga rozi. Ulardan biri shuki, xorijiy askarlar Afg'onistondan ketsa, Tolibon xavfsizlikni kafolatlashi, mamlakat yana terror o'chog'iga aylanmasligi kerak.
"Afg'onlar o'z mamlakatida nazorat o'rnatsin, biz esa har yilgi o'nlab milliard dollarlik xarajatdan qutulishni istaymiz", - deydi Pompeo.
Ayni damda Afg'onistonda AQSh va boshqa davlatlardan 20 mingdan ziyod askar xizmatda. Aksil-terror operatsiyalarida asosan AQSh havo kuchlariga tayaniladi.
Afg'onlararo muloqot
Toliblar afg'on siyosatchilari va fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashuvlar o'tkazgan bo'lsa-da, Afg'oniston hukumati bilan gaplashgisi yo'q. Hukumatni ular AQShning "qo'g'irchog'i" deb biladi.
AQShga ittifoqchi ayrim hukumatlarning xavotiri shuki, Vashington qo'shinlarni chiqarish sanasini e'lon qilganidan so'ng Kobul jangarilarga bosim o'tkazish vositasidan mahrum bo'ladi, ularga so'zini o'tkaza olmaydi.
NATOning Kobuldagi rasmiylariga ko'ra, Afg'onistonda xorijiy qo'shinlarni kamaytirish rejasi ustida ish ketmoqda. Afg'on kuchlarini treningdan o'tkazish, ularga maslahatchilik qilish to'xtagani yo'q.