AQSh askarlarining jangarilar jasadi yonida tushgan suratlar Amerika va NATO rasmiylari tanqidiga sabab bo’lmoqda.
“Los-Anjeles Tayms” gazetasi 2010-yilda olingan 18 tasvirdan ikkitasini internetga joyladi. Nashrda yozilishicha, rasmni bergan amerikalik zobit, ismini oshkor etmagan holda, xalqaro qo’shinlar safida hukmron beqarorlik, axloqsizlikdan ommani ogoh qilmoqchi bo’lgan.
Xususan, amerikalik va afg’on zobitlar iljayib murdalarni quchoqlagan, uzilgan oyoqlarni ko’targan holda suratga tushgan. Koalitsiya qo’mondoni, Amerika generali Jon Allen zobitlarning harakatlarini xalqaro qo’shin qadriyatlariga zid, voqea tergov qilinadi, demoqda.
AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta rasmlarni tanqid qilib, ikki yil oldin olingan bu tasvirlar “Afg’onistonda bugun xizmat qilayotgan AQSh askarlarini, ularning kasbiy malakasini ifoda etmaydi”, deydi.
Shu yilning yanvar oyida internetda amerikalik zobitlar afg’onlar murdalari ustida turib, qovug’ini bo’shatayotgan rasmlar paydo bo’lgan edi.
Oradan ko’p o’tmay, Kobulda Amerika harbiy bazasida Qur’on nusxalari yoqilgani haqida xabarlar tarqalgan, Afg’oniston va qo’shni Pokistonda g’azablangan omma namoyish ko’targan edi.