22- yanvar kuni bir guruh afg’onistonlik yoshlar O’zbekistonda tahsil olish maqsadida Surxondaryo viloyatining Termiz tumaniga borishdi.
Ikki davlat kelishuvi asosida 97 nafar afg’onistonlik o’zbek Termiz shahrida ochilgan markazda o’qiy boshladi. Bu dargoh Afg’oniston fuqarolarini o’qitish ta’lim markazi deb ataladi. Ularning 11 nafari qizlar. Mazkur yoshlar shimoliy yetti viloyatdan jalb qilingan. Ular bakalavr darajasi uchun tahsil olib, o’zbek tili pedagoglari sifatida vatanga qaytadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Bu xabar Afg’onistonda olqishlanmoqda. Lekin til va adabiyot mutaxassislariga ish o’rinlari yaratib berish hamon muammo ekani ta’kidlanmoqda.
“Tilimiz va adabiyotimizni boyitish uchun bizga yordam berayotgan O’zbekiston xalqi va hukumatidan minnatdormiz. Yoshlarimiz til va adabiyot bo’yicha ta’lim olib, keyin Afg’oniston shimolidagi maktablarga o’zbek tili o’qituvchilari etib ishga olinadi. Ular yoshlarga bu tilni o’rgatadilar. Afg’oniston hukumati bu yoshlarga ish o’rinlari yaratib bersin, ularning bilim va mahoratlaridan foydalanilsin”,- deydi Akrombek Bashiriy, O’zbekistonga o’qishga ketgan talabaning oila a’zolaridan biri.
Ziyolilar nazarida, yuz yildan beri to’xtab qolgan madaniy aloqalar qayta boshlanmoqda. Bu esa bir daryoning ikki sohilida joylashgan o’zbek xalqini yaqinlashtirish, birlashtirishda rol o’ynashi mumkin.
“O’zbeklar bugungi Afg’oniston shimoliy viloyatlari hamda O’zbekistonning tub aholisi hisoblanadi. Ular qadimiy tarixga ega. Afg’oniston va O’zbekiston nomi bilan hukumatlar tashkil qilinganidan so’ng, chegara bo’lgan, aloqlar kesilib qolgan, bor-keldi ikki davlat siyosati bilan bog’liq bo’lgan. Qariyb, bir asrdan keyin, xususan, Prezident Ashraf G’anining Toshkentga safaridan keyin aloqalar ancha yaxshi bo’ldi. Men bu aloqalarni ijobiy baholayman”,- deydi Juzjon universitetining Ijtimoiy bilimlar fakulteti, o’zbek tili va adabiyoti bo’limidan Najibulla Ismatiy.
Suhbatdosh nazarida, Afg’onistonda o’zbek tili va adabiyotini rivojlantirish uchun O’zbekiston manbalaridan foydalanish, ilmiy-badiiy adabiyotlar olib kelish, ularni xalqqa yetkazish kabi harakatlar boshlanishi kerak.
“O’zbek tili O’zbekiston zarur bosqichlarni bosib o’tgan. Afg’onistondagi o’zbek tili O’zbekiston o’zbek tili bilan teng kela oladigan darajada emas. Mana shu aloqalar bu jarayonga albatta o’zining ijobiy ta’sirini ko’rsatadi”,- deydo Ismatiy.
Afg’onistonda o’zbek tili o’qituvchilariga talab kuchli.
“Afg’onistonda o’zbek tili uchinchi rasmiy til. Qayerda, o’zbek ko’pchilikni tashkil etsa, o’sha joylardagi maktablarda bu til o’qitilishi kerak. Lekin, o’zbek tilini o’qitish uchun yetarli mutaxassislar, kadrlar yo’q. Agar shu yoshlar tahsildan keyin maktablarda o’zbek tili o’qituvchilari sifatida joylashtirilsa bu juda foydali bo’lishi mumikin”,- deydi Juzjon universitetidan Najibullah Ismatiy.
Afg’onistonlik o’zbek yoshlarning O’zbekistonda o’qiyotgani ijtimoiy tarmoqlarda qizg’in muhokama qilinib, jamoatchilik mamnun.