Afg'oniston shimolida Birlashgan Millatlar Tashkiloti xodimlari o'ldirilgan. Politsiyaning ma'lum qilishicha, ikkisining kallasi olingan. Ularga Qur'onning yoqilishiga qarshilik bildirib namoyishga chiqqan odamlar hujum qilgan.
Voqea Balx viloyati ma'muriy markazi Mozori-Sharif shahrida ro'y bergan. Halok bo'lganlarning to'rt nafari nepallik, qolgan uch kishi esa Yevropa davlatlarining fuqarolari.
Mahalliy rasmiylarning bildirishicha, jami 12 kishi o'ldirilgan, ular orasida afg'onlar ham bor. Yana o'nlab afg'onlar jarohatlangan. Xurujda ayblanib 25 kishi hibsga olingan.
BMTning Afg'onistondagi bosh vakili Staffan de Mistura ayni damda Mozori-Sharifda.
Shaharda haloyiqni ko'chaga olib chiqqan narsa - AQShning Florida shtatida ruhoniy Terri Jouns Qur'on va islomga qarshi olib borayotgan kampaniyadir. Yaqinda bu nasroniy yetakchi boshchiligida Qur'on yoqilgan va tadbir videoga tushirilib, internetga qo'yilgan.
Afg'on prezidenti Hamid Karzay bu harakatlarni bir necha bor qoralagan va Amerika hukumatini chora ko'rishga chaqirib kelmoqda.
Bugun juma namozidan keyin minglab odamlar Mozori-Sharifda Floridada bo'layotgan ishlarni qoralab namoyish o'tkazgan. BMT qarorgohi qarshisida tinch tarzda boshlangan chiqishlar keyinchalik qonli tus olgan. Bir necha namoyishchi qo'riqchilarga tashlanib, ularni o'ldirgan. Keyin esa qarorgohga kirib unga o't qo'ygan.
BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun hujumni o'taketgan ablahlik deb atab, voqeadan g'azabda ekanini aytmoqda.
AQSh prezidenti Barak Obama hujumchilarni shafqatsizlikda ayblab, jabr ko'rgan insonlar va halok bo'lganlarning oilalariga hamdardlik bildirmoqda.
Davlat kotibasi Xillari Klinton so'zlariga ko'ra, Mozori-Sharifda sodir etilgan "dahshatli jinoyatni oqlab bo'lmaydi.
"Bu haqiqiy vahshiylik", - deydi u.
"Amerika xalqi nomidan o'lganlarning oilalari, BMT maxsus vakili Staffan de Mistura va uning hamkasblariga chuqur ta'ziya izhor etamiz. BMT xodimlari Afg'oniston ravnaqi uchun xizmat qilayotgan paytda o'ldirildi. Bu insonlar afg'on xalqi kelajagi ustida qayg'urayotgan edi".
BMT Afg'onistonda yarim asrdan beri ishlab keladi, deydi Xillari Klinton, bu davr mobaynida son-sanoqsiz odamlar hayoti asrab qolindi. BMT xalqni oziq-ovqat bilan ta'minlab, tibbiy yordam ko'rsatadi.
"BMT butun dunyo bo'ylab tinchlik, farovonlik va taraqqiyot yo'lida ter to'kadi",- deya ta'kidlaydi AQSh bosh diplomati.
Davlat departamenti so'zlovchisi Mark Toner Floridada Qur'onga qarshi olib borilayotgan harakatlar Amerika xalqi munosabatini aks ettirmasligini aytib, islomga bu jamiyatda ham millionlab insonlar e'tiqod qilishini eslatmoqda.
Namoyishlar Kobul va Hirotda ham bo'lib o'tgan. Haloyiq Amerikaga la'natlar aytib hayqirgan. Lekin zo'ravonlik hollari kuzatilmagan.
2009 yilning oktabrida Kobulda jangarilar bir mehmonxonaga bostirib kirib, BMTning olti xodimini o'ldirgan edi.
Mozori-Sharif Afg'onistonning nisbatan tinch hududlaridan biri hisoblanadi. Bu yil bu yerda xavfsizlikni ta'minlash vazifasi xalqaro koalitsiyadan mahalliy kuchlar qo'liga o'tishi kutilmoqda.