Kraudfanding – muayyan loyiha uchun internet orqali beg’araz pul yig’ish yo’li. Bu G’arbda keng tarqalgan amaliyot, ammo Afrika uchun yangilik. Jahon bankining Keniyadagi bir loyihasi mahalliy tadbirkorlarga kraudfandingdan maxsus kurslar tashkil etdi. Xalqaro donorlardan olinayotgan mablag’ o’rniga afrikaliklarning o’zi asta-sekin pul ajratishi kerak, chunki bu bizneslar ishlab chiqaradigan mahsulot va ko’rsatadigan xizmatlardan aynan mahalliy aholi foydalanadi.
Marion Mun organik o’g’itlar ishlab chiqaradigan “Wanda Organic” shirkatiga uch yil avval asos solgan. Aksariyat kichik biznes yurituvchi afrikalik tadbirkorlar kabi Mun ham avval mablag’ topishga qiynaldi. Shu sababli u internet orqali kraudfandingni sinab ko’rishga qaror qildi.
“Biznes boshlayotganimizda banklar bizga pul bermadi. Do’stlarimiz va oila a’zolarimiz yordamiga bir oz tayandik. Shu sababli kraudfandingga qiziqish paydo bo’ldi. Chunki biznes boshlagan kishi pul topishga qiynaladi”, - deydi Mun.
G’arbda “Kickstarter” yoki “Indiegogo” kabi kraundfanding uchun platformalardan ko’plar foydalanadi, lekin Afrikada ular haqida biladiganlar kam. Vaholanki, bu uslub Keniyada mahalladoshlardan beg’araz moliyaviy yordam olishdan unchalik farq qilmaydi, deydi Mun.
“Kraudfanding biz uchun yangi so’z. Lekin uning ortidagi g’oya, ya’ni har bir odamning loyiha uchun pul ajratishi bizda avvaldan qo’llanilgan amaliyot. Demak, hozirda shu an’anaviy amaliyotni yangi so’z bilan bog’lashimiz kerak, xolos”, - deydi u.
Bir necha G’arb tashkiloti afrikaliklarga biznes boshlash, bozorni o’rganish hamda faoliyati va mahsulotini reklama qilishda yordamlasha boshladi. Jahon bankining Nayrobidagi Keniya iqlim innovatsiya markazi “Wanda Organic” kabi kichik bizneslar uchun kraudfandingdan maxsus kurslar tashkil etdi.
Loyiha rivojlanayotgan mamlakatlarda ulkan potensialga ega. 2025-yilga borib kraudfanding orqali dunyo bo’ylab 90 milliard dollardan ko’p to’plash mumkin.
Internet orqali pul yig’ish uchun tadbirkorlar maxsus bilimga ega bo’lishi kerak, deydi Keniya iqlim innovatsion markazidan Ervard Mungay.
Ular ijtimoiy tarmoqlarda faol bo’lishi hamda puldan to’g’ri foydalana olishini namoyish qilishi lozim. Bundan tashqari, biznes jamiyat uchun foydali bo’lishi shart.
Markazdagi uch biznes kraudfanding yordamida pul topishga urindi, lekin bu oson bo’lmadi, deydi Mungay.
“Mablag’ning katta qismi mahalladoshlardan, afrikaliklardan emas, g’arbliklardan keldi. Afsuski, biz murojaat qilgan odamlar pul berishga tayyor bo’lsa-da, buning uchun infratuzilma yo’q”, - deydi Mungay.
“Wanda Organic” internet orqali 45 ming dollar yig’moqchi. Ammo kampaniya uchun ajratilgan vaqtning yarmi o’tgan bo’lsa-da, zarur mablag’ning olti foizi to’plandi, xolos.
Aksariyat keniyaliklar kredit kartalardan foydalanmaydi, deydi Mungay. Boshqalar esa moliyaviy operatsiyalarni internet orqali amalga oshirish xavfli deydi, qo’shimcha qiladi Mun.
Qiyinchiliklarga qaramay, Afrikada kraudfandingning kelajagi yaxshi, ayniqsa uyali telefonlar orqali pul to’plash imkoni paydo bo’lsa, deydi Mungay. Natijada biznes rivojlanib, ishsizlar ham kamayardi.
“Kraudfanding donorlardan mablag’ olayotgan ko’plab bizneslar muammolarini hal qilishi mumkin. Lekin jarayon ilk bosqichida. Odamlar orasida targ’ibot ishlarini olib borishimiz kerak. Afrikadan ham pul topish mumkinligini tushunishsin”, deydi Mungay.
Qilinadigan ishlar ko’p. Keniya iqlim innovatsiya markazi orqali internetda mablag’ izlayotgan mahalliy bizneslarga yordam berish kerak.
Mun esa o’g’itlarni tarqatish markazini ochmoqchi. Internet orqali mablag’ aynan shu maqsadda to’planmoqda. Kampaniyaga yana bir oy bor. Ko’p pul yig’ilmadi, lekin umidimni uzmayapman, deydi yosh tadbirkor.