Isroil hujumida G’azoda xalqaro gumanitar tashkilot xodimlari halok bo’ldi
Isroilning dushanba kuni G’azo markaziga hujumida taniqli oshpaz Xose Andresning “Jahon markaziy oshxonasi” deb nomlanuvchi nodavlat tashkilotining avstraliyalik, britaniyalik, polshalik, kanadalik, amerikalik va falastinlik xodimlari nobud bo’lgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Tashkilot harakatlarini Isroil mudofaa kuchlari bilan muvofiqlashtirganiga qaramay, uning vakillari dengiz orqali G’azoga yetkazilgan gumanitar yuk saqlangan omborxonani uchta avtomobilda tark etayotganida hujumga uchragan. Avtomobillardan ikkisiga guruh belgisi tushirilgani va zirhli bo’lgani ma’lum.
Avstraliya Bosh vaziri Antoni Albanes tashkilotning halok bo’lgan xizmatchilaridan biri fuqarosi bo’lganini tasdiqladi.
“Avstraliya gumanitar ishchilar o’limi uchun to’liq javobgarlikni kutmoqda”, - dedi u.
Polsha Tashqi ishlar vaziri Radek Sikorski Isroil elchisidan polshalik ko’ngillining o’limi yuzasidan tushuntirish berishni so’raganini aytdi.
2010-yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan “Jahon markaziy oshxonasi” so’nggi olti oyda g’azoliklarni 42 milliondan ortiq taom bilan ta’minlaganini o’tgan oy bildirgan.
Isroil armiyasi so’zlovchisi voqea tergov qilinishini aytdi.
Tashkilot G’azodagi faoliyatini vaqtincha to’xtatayotgani, sektordagi kelajagi haqida yaqin kunlarda qaror qabul qilishini ma’lum qildi.
Isroil Suriyada Eron elchixonasiga hujum qildi
Dushanba kuni Isroil Eronning Damashqadagi elchixonasini ham nishonga olgan. Havo hujumida Eronning yetti nafar harbiy maslahatchisi, jumladan uch generali va diplomatlari halok bo’lgan.
Ulardan birining Eron Inqilobiy korpusi qo’mondonlaridan biri Rizo Zohidiy ekani ma’lum.
Eron Oliy diniy raisi Oyatulla Ali Xomeneiy javob qattiq bo’lishini bildirdi.
Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, Isroil hujumni istilodagi G’olan tepaliklaridan amalga oshirgan, bir nechta raketasi urib tushirilgan.
Isroil Eronning Suriyadagi harbiy obyektlarini ko’pdan beri nishonga olib keladi. Biroq bu Eron elchixonasiga ilk hujum bo’ldi.
AQSh Davlat departamentining so’zlovchisi Metyu Miller mintaqada mojaro eskalatsiyasining oldini olish muhim ekanini aytdi.
“Mintaqada mojaroning kuchayishi ehtimolidan xavotirdamiz”, - dedi u.
Isroil hujum uning ishi ekanini tan olgani yo’q.
Bugun Tehronda namoyishchilar Isroil hujumlariga norozilik bildirib, Isroil va AQSh bayroqlarini yoqdi.
Dushanba kuni Isroil G’azo Sektori janubidagi Rafah shahriga yana bir bor zarba bergan, o’lganlar bor.
Isroil hukumati Al-Jazira kanali faoliyatini vaqtincha to’xtatmoqchi
Bu o’rtada Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Qatarga qarashli “Al-Jazira” telestansiyasining Isroildagi sho’basini noxolislikda ayblab, uni yopmoqchi ekanini ma’lum qildi.
Shundan so’ng parlament milliy xavfsizlikka tahdid deb ko’rilgan xorijiy matbuot vositalari faoliyatini vaqtincha to’xtatishga doir qonun qabul qildi.
Hujjat Netanyaxu va uning xavfsizlik mahkamasiga stansiyani 45 kunga yopish vakolatini beradi. Zarurat bo’lsa, iyul oxirigacha yoki harbiy amaliyot yakunlamaguncha taqiq uzaytirilishi mumkin.
Al-Jazira G’azodagi urush boshidan beri Isroil harakatlarini tanqid qilib keladi.
Aloqa vaziri Shlomo Karhi uni Isroilga qarshi dushmanlikda ayblagan.
Oq uy matbuot kotibasi Karin Jan-Pyer Isroilning al-Jazira kanalini to’sish qarorini xavotirli deb atadi.