Al-Qoidaning bildirishicha, Yamanda bugun 96 askarni hayotdan olib ketgan portlash Amerika boshchiligida kechayotgan kampaniyaga javobdir.
Poytaxt Sanoda harbiy parad oldidan mashq paytida portlash ro’y berib, o’nlab zobit jon berdi, 200 dan ziyodi jarohatlandi.
Harbiy kiyim kiygan odam oraga kirib olib, o’zini portlatgan, deydi rasmiylari. Mashq payti mudofaa vaziri va yana bir necha mutasaddi maydonda bo’lgan, ularga shikast yetmagan.
Amerika qo’llab-quvvatlovida Yamanda jangarilar manzillari havodan nishonga olinib keladi. Oq uy bugungi xurujni “qo’rqoqlar”, “nafratli kuchlar qilmishi” deya ta’riflaydi. Prezident Barak Obama bu davlat xalqiga ta’ziya izhor etmoqda.
Yaman rahbari Obid Rabbo Mansur Hadi terrorchilar mamlakat tinchi va siyosiy taraqqiyotiga to’sqinlik qila olmaydi, deydi.
Al-Qoida rahnamosi Ayman al-Zavohiriy yamanliklarni Hadiga qarshi kurashga chorlab, uni “Amerika josusi” deb ta’riflagan.