Prezident Jo Bayden elchilikka shu kungacha 11 nomzodni tanlagan, yana 80 dan ziyod o’rin bo’sh qolmoqda. Oq uyning bildirishicha, prezident xorijiy safarlarini boshlashga tayyorlanar ekan yaqin orada bu jarayon ham tezlashadi.
Ayrim davlatlarga tayinlanish uchun lobbichilik avjida. Prezidentlar odatda elchilikka o’nlab lavozimlarni o’zining siyosiy ittifoqchilari va donorlariga beradi. Ammo vazirlar va yaqin maslahatchilarini tanlagani kabi Bayden bu jabhada ham xilma-xillikka urg’u bermoqda.
“Prezident nafaqat AQShda, balki dunyo bo’ylab uning vakillari mamlakat xilma-xilligini aks ettirishini istaydi”, - deydi Oq uy so’zlovchisi Jen Psaki.
O’tmishda AQShning ham respublikachi, ham demokrat prezidentlari qator muhim davlatlarga elchi etib tarafdorlari va donorlarini tayinlagan. AQSh Diplomatik xizmat uyushmasiga ko’ra, Tramp davrida elchilarning 44 foizi, Obama va Bush davrida esa 31 foizi siyosiy tayinlov bo’lgan. Manbalarga ko’ra, Bayden taxminan 30 foizni ko’zlamoqda.
Siyosiy donorlar orasidan elchilikka tanlanganlar, odatda badavlat oq tanli erkaklar, tashqi siyosatda katta rol o’ynamaydi. Ammo ba’zida ular davlat rahbari uchun boshog’riq.
Tramp Yevropa Ittifoqiga elchi etib tanlagan shaxs menmonxonalar egasi, inauguratsiya marosimi uchun 1 million dollar bergan Gordon Sondlend edi. Tramp Ukrainani shantaj qilganikda ayblanib birinchi bor impichment qilinganda, Sondlend Kongressda unga qarshi ko’rsatma bergan va keyinchalik ishdan olingan.
Trampning elchiga aylangan yana bir donori Ross Ganter jinoyatchilik kam uchraydigan joyda, Islandiya poytaxti Reykyavikda qurollangan soqchilarni yollashni talab qilib, mahalliy aholi orasida norozilik uyg’otgan.
AQShning Britaniyadagi elchisi Robert Jonson esa golf musobaqasini Trampning Shotlandiyadagi oteliga yo’naltirishga harakat qilganlik va irqchilikda ayblangan.
2014-yilda AQSh Diplomatik xizmat uyushmasi bir qator sharmandali holatlardan so’ng yuqori diplomatik lavozimlarga tanlanish uchun muayyan malaka va qoidalar bo’lsin, degan taklif bilan chiqqan edi. O’shanda Obama Norvegiya, Argentina va Islandiyaga elchilik uchun tanlagan nomzodlar Kongressda savol-javob paytida bu mamlakatlarga hech qachon borishmaganini tan olgan edi.
Obamaning yana bir donori Sintiya Strom bir yil Lyuksemburgda elchi bo’lib ishlagan. Davlat departamentining ichki hisobotlariga ko’ra, bu davr shaxsiy mojarolar, haqorat, sayohat va vino uchun keraksiz xarajatlar bilan o’tgan.
Hozirgacha Bayden ikki siyosiy tayinlovga erishdi. Iste’fodagi diplomat Linda Tomas-Grinfild - AQShning BMTdagi elchisi. Obama davrida mehnat vaziri muovini bo’lgan Kristofer Lu ham BMTga tayinlanmoqda. Lu osiyolik amerikalikdir.
U tanlagan yana 9 nomzodning barchasi sobiq diplomatlar. Jazoir, Angola, Bahrayn, Kamerun, Lesoto, Kongo, Senegal, Somali va Vyetnamdagi elchixonalarga yo’l olishi kutilmoqda.
Elchi lavozimi uchun poyga Bayden saylanishidan ko’p o’tmay boshlandi. Baydenning iyunda ilk xorijiy safari oldidan lobbichilik yanada qiziydi.
Marhum respublikachi senator Jon Makkeynning umr yo’ldoshi Sindi Makkeyn Jahon oziq-ovqat dasturi rahbari, Obama davrida Oq uy boshqaruvchisi bo’lgan Ram Emanuel esa Yaponiyaga elchi etib tayinlanishi mumkin.
Bayden Davlat kotibi sobiq muovini, AQShning Gretsiya va NATOdagi sobiq elchisi Nikolas Bernsni bu gal Xitoyga elchi etib tayinlash haqida o’ylanmoqda.
Hozirda elchi darajasida xizmat qilayotgan yoki nomzodi ko’rsatilgan 104 diplomatning 39 nafari ayol va 10 nafari rangli. 30 dan ortiq sobiq ayol elchilar Baydenga ochiq xat yo’llab, elchilik va boshqa yuqori lavozimlarga tanlashda jinsiy tenglikni ta’minlashga undagan.
Shu maqsadda Davlat departamentida xilma-xillik va integratsiya bo’yicha lavozim joriy etilib, unga tajribali diplomat Jina Aberkrombi-Vinstanli tayinlangan. Uning vazifasi ozchilikdagi guruhlardan bo’lgan xodimlarni jalb qilish va rag’batlantirish.
Davlat kotibi Entoni Blinken Tramp davrida departamentning “eng yuqori pog’onalarida xilma-xillik deyarli bo’lmaganini” aytib, bu aslida azaliy muammo ekanini qayd etadi.
Prezidentlikka harakat qilayotganida Bayden elchilikka donorlarni tanlamayman, deyishdan bosh tortgan. Lekin u nomzodlar lavozimga loyiq bo’ladi, deya va’da bergan edi.
Xilma-xillik borasida progress allaqachon ko’zga tashlanyapti, deydi Afg’oniston, Jazoir va Bahraynda elchi bo’lgan Ronald Nyuman.
Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha muovini lavozimiga Donald Lu, Lotin Amerikasi bo’yicha esa Brayan Nikols nomzodi ko’rsatildi. Nikols G’arbiy yarim shar bo’yicha 1970-yillardan buyon bunday lavozimga ko’rsatilgan ilk qora tanli amerikalikdir. Lu esa osiyolik amerikalik.
Davlat departamenti so’zlovchisi roliga ilk bor gomoseksual kishi, Ned Prays tanlandi. Uning muovini esa birinchi marta afro-amerikalik ayoldir.
“Nazarimda, turli irq va din vakillaridan iborat tajribali, malakali diplomatlarni topishga erishishyapti”, - deydi Nyuman.