Pamela Spratlen, AQShning o’tkir diplomatlaridan biri, O’zbekistonda elchi sifatida ish boshlaganiga olti oy bo’ldi. Elchixona Amerika mustaqillik kuni munosabati bilan dasturxon yozib, mehmonlarga eshigini ochar ekan, "Amerika Ovozi" Spratlen xonim bilan telefon orqali bog’lanib, uni suhbatga tortdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Your browser doesn’t support HTML5
- O’zbekiston bo’ylab safarlarda yuribsiz, jamoatchilik bilan uchrashib, muloqot qilayapsiz. Odamlar nima deyapti sizga, qanday mavzularni ko’tarishayapti?
Spratlen: Avvalo, “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashayotganimdan juda mamnunman. O’zbekistonga elchi bo’lganimdan beri berayotgan ilk intervyum bu. Xuddi siz bizning faoliyatimizni kuzatib borganingizdek, biz ham sizning dasturlaringiz bilan tanishmiz. Aytganingizdek, safarlardaman. Samarqand va Buxoroga ikki marta borib keldim. Nukusda bo’ldim, taniqli Savitskiy muzeyini ko’zdan kechirdim. Xivaga ham bordim. Qayerga bormay, odamlar menga o’z tarixi va madaniyati bilan naqadar faxrlanishi haqida aytayapti. Bilimli odamlar bilan yuribman. Yaqinda shoyi va ziravorlar ko’rgazmasiga bordim, qoyil qoldim. Odamlarning asosiy gapi shuki, ko’hna tarix va boy madaniyatimiz haqida ko’proq biling. Farg’ona vodiysini kezish umididaman. O’zbekistonni iloji boricha yaqindan kashf etmoqchiman.
- Dolzarb masalalar haqida ham gaplashayapsizmi? Xalq dardi haqida, masalan… Hozirgacha eshitgan va o’rganganlaringizga asoslanib, AQSh O’zbekistonda oddiy aholi ravnaqi yo’lida nimalar qila oladi?
Spratlen: Safarlar odatda tanishishdan iborat. Taraqqiyot dasturlarimizga kelsak, uzoq yillik tajribaga egamiz. Kelganimdan beri bir necha yangi loyiha va tashabbuslar amalga oshirila boshladi… Shunisi aniqki, Amerika yordamiga talab bor va odamlar minnatdor. Fermerlarni texnologik jihatdan quvvatlash bobida, masalan, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ko’magi bilan dehqonlar hosil yetishtirishda mobil telefonlaridan foydalanmoqda. Odamlar Amerikaga innovatsiya o’chog’i deb qaraydi, bizning tajribamizdan o’rgangisi keladi, serqirra hamkorlik istaydi. Ingliz tili yoki ta’limiy hamkorlik, tibbiyot va sog’liqni saqlash, tadbirkorlik va kichik bizneslar, yaqindan ishlashga ishtiyoq kuchli. Biz imkon qadar harakatdamiz, albatta, moliyaviy imkoniyatlarga qarab ish tutamiz.
- Vashingtonda, bilasiz, eng ko’p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri bu Amerika va Markaziy Osiyo aloqalarida muvozanat yetishmasligi, ya’ni O’zbekiston singari davlatlar bilan hamkorlikda xavfsizlik asosiy o’rinda ekani. Ayrim ekspertlar va hatto Kongress a’zolari Obama ma’muriyatini siyosiy va iqtisodiy islohotlar va erkinlikni ko’proq targ’ib qilishga undamoqda. Ba’zi siyosatdonlar nazarida esa xavfsizlik bobida hamkorlik kuchaygan sari Amerikaning boshqa yo’nalishlardagi roli ham oshishi mumkin va yangi imkoniyatlar paydo bo’ladi. O’zbekiston hukumati bilan yuzma-yuz aloqadagi rasmiy sifatida, siz nima deysiz?
Spratlen: O’zbekiston xalqi bilan yaqindan ishlash uchun hukumat bilan yaqindan ishlash kerak. Muloqot eshigi ochiq turishini ta’minlash mening vazifam. Aloqa va sheriklik kengayib bormoqda. Ha, huquq targ’iboti va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik har doim ham bir darajada emas. Men barcha yo’nalishlarda samarali ishlar qila olaylik deyman. O’zbekiston, bilasiz, Markaziy Osiyoning markazi. Eng katta jamiyat. Mintaqadagi boshqa barcha davlatlar bilan tutashgan. Afg’oniston bilan chegaradosh. O’ziga xos murakkablikka ega. Buni unutmaslik kerak. Biz barcha yo’nalishlarda ishlasak-da, ularning hammasi bir maromda siljiydi deya olmaymiz, bunga erishish qiyin. Muzokaralar va uchrashuvlarda ochiq gaplashamiz, O’zbekistonda ham, Amerikada ham. Bir narsani tan olish kerak, respublikadagi har qanday o’zgarish shu davlat rahbarlari va fuqarolariga bog’liq. Progressdan avvalo ular manfaatdor, xoh iqtisodiy islohotlar bo’lsin, xoh xavfsizlik; xoh inson huquqlariga hurmat, xoh ta’lim. Mening ishim o’zaro manfaatlarga asoslanib, muloqot va rishtalarni tebratish.
- O’zbekiston hukumati, bilamizki, AQSh harbiy yordamidan minnatdor. Yuzlab zirhli mashinalar hadya qilindi. Orada ishonch va hamjihatlik kuchaydi, degan gaplarni eshitayapmiz. Endigi qadamlar qanday bo'ladi?
Spratlen: Xavfsizlik bobida birga ishlash biz uchun juda muhim, O’zbekiston uchun ham. Afg’onistondagi vaziyat yuzasidan respublika rahbariyati xavotir bildirib keladi. Shu kungacha erishilgan yutuqqa tayanib, qadam tashlayveramiz. Hozir sizga bu boradagi rejalar haqida ayta olmayman, lekin bilingki, biz oradagi ishonchga asoslanib, hamkorlikni yanada kengaytirish niyatidamiz.
- Elchi sifatida muvaffaqiyat siz uchun nimadan iborat? Toshkentdagi xizmat tugayotganida ishingizni nimaga qarab baholaysiz?
Spratlen: Men uchun eng muhimi, muloqot muntazam va mahsuldor bo’lishini ta’minlash va hozirgi yo’lda qoqilmaslik. Nimaga erishgan bo’lsak, asray olaylik va doimiy ravishda oldinga qadam tashlaylik. Hukumat va xalq istagan sohalarda birga ishlab, hamkorlik qila olsak, bu men uchun ulkan muvaffaqiyat bo’ladi. Masalan, deylik, ingliz tili ta’limi, sog’liqni saqlash, texnoloniya va ilm-fan, tijorat va savdo bobida… Oradagi muloqot konkret natijalarga yetaklasin, loyihalar samara bersin, deyman. Albatta, ayrim sohalarda O’zbekistonda ijobiy o’zgarishlar qilinishini xohlardik, xususan inson huquqlari bobida. O’zbekiston hukumati bolalar mehnatiga chek qo’yish yo’lida qator dadil qadamlar tashladi va bu jarayon davom etishini istaymiz. Majburiy mehnat masalasini ham hal etish kerak. Bu ham dadil qadamlar talab qiladi. O’zbekiston hukumati Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon banki bilan ishlayapti. Bu yaxshi, lekin oldinda qilinadigan ishlar ko’p. Muloqot davom etadi va biz uchun bu o’ta muhim talab.
- Elchi xonim, siz inson huquqlari faollari bilan uchrashib turibsiz. Ularning ayrimlari Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan tez-tez nishonga olinadi. Real vaziyat sizga ma’lum. Shunday sharoitda huquq va erkinlikni qanday va qanchalik targ’ib qilayapsiz?
Spratlen: Inson huquqlari targ’iboti Amerika uchun bag’oyat muhim maqsad. Nafaqat O’zbekistonda, balki butun dunyo bo’ylab. Shu kunlarda yillik xalqaro hisobotimiz chiqdi. U orqali va doimiy muloqotlarda biz hamkor davlatlarga huquq va erkinlik biz uchun naqadar oliy qadriyat va talab ekanini eslatib turamiz. Biz bilan hamkor davlatlarda ijobiy o’zgarishlar bo’lsin deymiz va albatta, buni avvalo o’sha yurtning o’zi xohlashi kerak. Biz biror yangi usulni qo’llayotganimiz yo’q, balki har doimgidek, aytayapmizki, fuqarolari erkin yashagan, huquqlar e’zozlangan, siyosiy erkinlik hukmron va axborot vositalari bemalol ishlaydigan yurt farovon va barqaror bo’ladi. O’zbekistonda islohotlar zarurligi haqida azaldan gapirib kelamiz. Amerika bu borada eslatishdan to’xtagani yo’q. Prezident Obamadan tortib, men va Davlat kotibi Jon Kerri, mintaqa bo’yicha mas’ul diplomatlar Nisha Bisvol va Dan Rozenblum, hammamiz uchun bu juda dolzarb masala. Bilasiz, Rozenblum yaqinda Kongressda bu borada hisobot berdi.
- Markaziy Osiyoda birdamlik yetishmasligi masalasi ijtimoiy tarmoqlarda qizg’in munozara uyg’otib keladi. Omma nazarida integratsiya davlatlar va aholining o’ziga bog’liq. Amerika bu borada ancha yillardan beri qayd etib keladi. O’zbekiston integratsiya yo’lida faolroq rol o’ynashi uchun siz nimalar qilmoqchisiz?
Spratlen: O’zbekistonning geografik joylashuvi uning barcha mintaqaviy tashabbuslarda muhim ro’l o’ynashini talab qiladi. Biroq buni davlatning o’zi istashi va bundan o’zini manfaatdor deb hisoblashi kerak. Biz albatta mintaqa integratsiyasi iqtisod va infratuzilma uchun foyda keltirishini qayd etaveramiz. O’zbekiston o’zi xohlagancha harakat qiladi. Bizning fikrimizcha, integratsiyadan har bir davlat va butun mintaqa ulkan manfaat ko’radi.
- 4-iyul AQSh Mustaqillik kunini nishonlaydi. Kelasi oy esa O’zbekiston ahli mustaqillikning 24 yilini bayram qiladi. Mustaqillikni siz qanday tushuntirgan bo’lardingiz?
Spratlen: Mustaqilik bu suverenitet. O’zbekiston fuqarosi - o’z chegarasiga ega yurt pasportini ko’tarib yurgan shaxs. Amerikada ham shunday. O’z siyosati va qarorlarini mustaqil belgilaydigan mamlakat. Qo’shnilar va dunyo bilan qanday aloqa qilishni ham o’zi belgilaydi. Mustaqillik O’zbekiston ahli uchun bebaho ne’mat ekanini yaxshi bilaman… O’zbekiston ancha yosh davlat. Amerika mustaqillikni 1776-yildan beri nishonlaydi. Biz uchun bu tenglik, qonun ustuvorligi, har bir inson farovon yashashga loyiq demakdir - davlatimiz asoschilari shuni xohlagan va bosh qomusimiz shuni kafolatlaydi. Mustaqillikni Amerika va O’zbekiston ahli birdek qadrlaydi deb o'ylayman.
Navbahor, yana bir narsani qayd etmoqchi edim, siz “Amerika Ovozi” orqali berayotgan ma’lumotlaringiz va dasturlaringiz ikki mamlakatni bir-biriga bog’lashda, xalqlar va hukumatlar bir-birini tushunishida juda muhim rol o’ynaydi. Shuning uchun sizga ham alohida minnatdorchilik bildirib, ishingizga rivoj tilayman.
- Katta rahmat!
Spratlen: Sizga ham katta rahmat!