Prezident Jo Baydenning Isroilga ko’rsatayotgan yordamidan norozi Amerikadagi musulmon tashkilotlarining rahbarlari har yili Oq uyda bo’ladigan Ramazon va hayit bilan bog’liq tadbirlarda qatnashishmasligini bildirib, Oq uydan Isroilga G’azoda darhol sulh joriy etishga bosim qo’yishni talab qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
Bayden Oq uyga kelganidan beri Amerika prezidentlarining bir necha yillik an’anasiga sodiq qolgan holda Ramazon oyida musulmon tashkilotlar yetakchilari uchun iftor va Iydul Fitr bayramini tashkil etishda davom etdi.
Oq uydagi tadbirda o’tgan yili qatnashgan musulmon faollar bu yilgi taklifni qabul qilmadi.
“Ma’muriyat musulmon jamoaning zudlik bilan doimiy sulh joriy etish hamda Falastindagi birodarlarimiz va opa-singillarimizga qarshi qatliomda qo’llanilayotgan qurol-yarog’ni Isroilga yubormaslik talablarimiz qondirilmagani uchun shunday qarorga keldik”, - deydi Amerika-islom aloqalari kengashidan Robert Makkou.
Baydenning matbuot kotibasi Karin Jan-Pyerga ko’ra, Oq uy Ramazonga doir tadbirlarni e’lon qilmagan hali.
“Qator jamoalar uchun og’ir davr ekanini tushunamiz. Oq uying ayrim yuqori martabali vakillari arab, musulmon, falastinlik jamoalar bilan uchrashib, ularning fikrini o’rgandi, xavotirlaridan boxabar bo’ldi”, - dedi u.
Falastinga xayrixoh namoyishchilar Baydenning bir nechta tadbirlarini izdan chiqarishga harakat qilgan. Oq uy bunday holatlarning oldini olishga intiladi.
2021-yilda G’azoda zo’ravonliklar kuchayib, 260 dan ortiq falastinlik o’lganida ham amerikalik musulmonlarning ba’zilari Oq uyning virtual hayit tadbirini boykot qilgan edi.
2018-yilda esa Prezident Donald Tramp musulmon davlatlar diplomatlariga ziyofat bergan, ammo uning musulmonlarga qarshi deya ko’rilgan bayonotlari va siyosatidan norozilik bildirgan amerikalik musulmonlarni taklif etmagan.
Biroq hozir norozilik darajasining ancha kuchli ekani aytilmoqda. Ba’zi faollar demokrat bo’lishiga qaramay, Baydenning ikkinchi muddatga saylanishiga to’siq qo’yishga urinmoqda.
“Bayden saylovni yutqazganida arab amerikaliklari va musulmonlar ovozlarini ololmagani uchun mag’lub bo’lganini bilishini istaymiz”, - deydi “Baydendan voz kech” kampaniyasining a’zosi Samraa Luqmon.
XAMASning 7-oktabr kungi Isroilga hujumi ketidan Oq uy vakillari AQShdagi arab va musulmon jamoalar bilan faol muloqot qilishga harakat qilgan, ammo jamoaning ayrim vakillari rasmiylar bilan uchrashuvdan bosh tortgan.
Netanyaxu Rafahga qo’shin kiritish masalasida o’jarlik qilmoqda
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning vakillari yaqin kunlarda Vashingtonga tashrif buyurib, Oq uy rasmiylari bilan Isroilning Rafahga qo’shin kiritish rejasini muhokama qilishi kutilmoqda. Seshanba kuni Bayden telefonda G’azodagi vaziyat yuzasidan Netanyaxu bilan 45 daqiqa davomida gaplashgan.
Netanyaxu xalqaro bosimga qaramay ushbu rejadan qaytmasligini ta’kidlamoqda. Biroq, deydi tahlilchilar, amaliyotdan oldin yuz minglab odamni Rafahdan chiqarish imkonsiz vazifadir.
“Hozir Rafahda bir yarim millionga yaqin odam joylashgan. Ularning aksariyatini shahardan chiqarmay turib Isroil amaliyot boshlay olmaydi. Isroil mudofaa kuchlarining G’azo shimolidagi amaliyotida buning uddasidan chiqilgan, ammo hozir vaziyat ancha murakkab. Gap nafaqat odamlarning ko’pligida, balki G’azo Sektorining shimoliy hududlari vayron bo’lgani sabab Rafahdagi odamlarning boradigan joyi yo’qligida”, - deydi Isroilning “Haaretz” gazetasi muxbiri Amos Xarel.
Unga ko’ra, Isroil armiyasi qo’shimcha zaxirachilarni safarbar etmasdan Rafahga kirishga tayyor emas va bu jarayon bir necha oy vaqt olishi mumkin.
“Ayni paytda G’azo Sektorida 5-6 ta brigada harakatlanyapti. Ular asosan ikkita joyda hozir – Xon-Yunus va G’azo shahrining janubiy qismida. Rafahga qo’shin tortish uchun yana kamida shuncha odam kerak”, - deydi jurnalist.
AQSh Isroilning bu rejasiga qarshi bo’lsa-da, deydi ayrim tahlilchilar, Isroil baribir Rafahga qo’shin kiritishga majbur bo’ladi.
“Rafahga qo’shin kiritilmasa, Isroil XAMASni harbiy kuch sifatida yo’q qilishga qaratilgan harbiy rejasini bajara olmaydi, urushda g’alaba qozona olmaydi. Bu XAMASning eng so’nggi yirik boshpanasi. Harakat rahbariyati, kuchlarining aksariyati o’sha yerda yashiringan”, - deydi Isroil milliy xavfsizlik maslahatchisining sobiq o’rinbosari Chak Freylix.
Rafahdagi odamlarning aksariyati u yerga G’azoning boshqa joylaridan qochib borgan. Ular lagerlarning tig’izligidan nolimoqda.
"Biz oddiy fuqaro bo’lsak, qurolimiz yo’q, jangari emasmiz. Isroil boshimizga nelarni solganini bir ko’rib qo’ying. Bu Netanyaxuning ishi”, - deydi Rafahga qochgan falastinliklardan biri.
Isroil rasmiylari Rafahga qo’shin kiritilishidan oldin falastinliklarni G’azoning boshqa joylaridagi xavfsiz zonalarga ko’chirmoqchi. Biroq bir milliondan oshiq odamni ko’chirish rejasini haligacha oshkor etishgani yo’q.
Bu o’rtada Isroilning Nuseyrat qochqinlar lageriga havo hujumida kamida 15 falastinlik o’lgan. G’azo rasmiylari so’nggi 24 soat ichida 104 odam nobud bo’lganini, 162 nafari yaralanganini ma’lum qildi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti sektorda oziq-ovqat kamomadi natijasida ochlik yuzaga kelayotgani haqida ogohlantirmoqda, zudlik bilan sulhga kelishishga chaqirmoqda.