AQSh sakkiz davlat bilan erkin iqtisodiy zona yaratmoqchi

  • Amerika Ovozi

Spanish fans celebrate during in Madrid, Spain, Sunday, July 1, 2012. (AP Photo/Andres Kudacki)

Prezident Barak Obama hafta oxirida Gavayi shtatida Osiyo va Tinch Okeani iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitiga mezbonlik qiladi.

1989-yilda tashkil topgan guruh a'zo davlatlar o'rtasida iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishga, savdoni erkinlashtirishga qaratilgan. Shundan so'ng prezident Obama Avstraliya va Indoneziyaga yo'l oladi.

Osiyo va Tinch Okeani iqtisodiy hamkorlik tashkiloti APEK ka 21 davlat a'zo. So'nggi marta AQShda sammit 1993-yilda o'tkazilgan. Siettldagi anjumanga prezident Bill Klinton mezbonlik qilgan edi.

Sammit AQShning o'zi iqtisodiy muammolarni boshdan kechirayotgan bir paytga to'g'ri kelmoqda. Ish o'rinlarini yaratish uchun savdo erkin bo'lishi kerak, deydi Obama.

Strategik va xalqaro izlanishlar markazi eksperti Ernest Bauerning aytishicha, Obama sammitda xorijiy delegatsiyalarga murojaat etgani bilan uning nutqi amerikaliklarga ham qaratilgan bo'ladi.

"Prezident iqtisodiy inqirozdan chiqmoqchi bo'lsak, Osiyo bilan hamkorlikni kuchaytirish kerakligini tushuntirib bera olishi kerak. Savdoda birinchi bo'lishga harakat qilishimiz lozim", - deydi Bauer.

APEK 10 yildan oshiq vaqtdan beri mintaqada erkin savdo zonasini yaratishga intiladi. Qo'shma Shtatlar va unga a'zo yana sakkiz davlat kichikroq guruhdan boshlamoqchi - Tinch Okeani orti hamkorlik tashkilotidan. Unga kirmagan Xitoy e'tiroz bildirmoqda.

Strategik va xalqaro izlanishlar markazining yana bir eksperti Maykl Grinning aytishicha, APEK savdo munosabatlarini tartibga soluvchi tashkilot bo'lmagani bois savdo qoidalarini Tinch Okeani orti hamkorlik guruhi doirasida joriy qilgan ma'qul.

"Ammo boshqalar diqqatni Sharqiy Osiyoga qaratish kerak degan fikrda", - deydi Grin.

Mintaqaga tashrifi davomida Obama Xitoy bilan mavjud murakkab iqtisodiy va xavfsizlik masalalari, Janubiy Xitoy dengizi ustidan bahs-munozaralar borasida ham gaplashishi tabiiy.

Yaqinda AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta va davlat kotibi muovini Uilyam Byorns regionda bo'ldi.

"Mana shunday murakkab munosabatlarda janjalni ham, hamkorlikni ham oldindan aytib bo'lmaydi. Xitoyning jahon siyosatidagi roli oshar ekan, o'zaro aloqalarni hamkorlikka qaratsakgina muammolarni bartaraf etishimiz mumkin", - deydi Byorns.

Tahlilchi Ernest Bauerning aytishicha, Obamaning Avstraliyaga tashrifi davomida harbiy aloqalarga urg'u beriladi. Qo'shma Shtatlar mintaqada qo'shinlari sonini ko'paytirmoqchi.

"Xitoy qudratidan tashvishga tushayotgan davlatlar uchun AQShning mintaqada bo'lgani yaxshi. Muvozanatni ta'minlaydi", - deydi Bauer.

Mutaxassislar fikricha, Qo'shma Shtatlar iqtisodiy va boshqa masalalarda yetakchi mavqeini saqlab qolishi uchun prezident Obama Kongressda tasdiqdan o'tmayotgan tashabbuslariga zo'r berib, muxolifat bilan murosaga kelishishi lozim, aks holda Amerikada reytingi pastlayotgan Obamaga xorijda ham ishonch kamayadi.

AQSh Kongressidagi yetakchi qonunchilar Obama ma'muriyatini Tinch Okeani orti hamkorlik guruhiga Yaponiyani qabul qilishda ehtiyotkorlikka chaqirmoqda. Shu hafta Gavayi shtatida Osiyo va Tinch Okeani iqtisodiy hamkorlik tashkilotining sammiti bo'lib o'tadi. Unga a'zo 21 davlatdan to'qqiztasi erkin savdo zonasini yaratmoqchi.

Yaponiya Bosh vaziri Yoshixiko Noda unga qo'shilish yoki qo'shilmaslik rejasini sammitdan oldin bildirishi kutilmoqda. Zona a'zolari o'rtasida barcha tariflar bekor qilinishi kutilmoqda.

Ammo AQSh kongressmenlarining ogohlantirishicha, Yaponiyaning tarifga aloqasi bo'lmagan ko'plab savdo cheklovlari bor. Yaponiyani guruhga qabul qilishdan oldin undan boshqa cheklovlarini ham bekor qilishni talab qilish kerak, aks holda ko'plab muammolar tug'iladi, deydi qonunchilar.