“Apple” kompaniyasi uzoq kutilgan yangi mahsulotlarini ommaga taqdim etdi. Hammaning ko’zi bu smartfonlarda.
Kompaniya rahbari Tim Kuk “Apple” asoschisi Stiv Jobsni xotirlab, darhol yangi mahsulotlarni tanishtirishga o’tdi - Apple Watch deb nomlangan soatning uchinchi avlodi va Apple TV media pleyeri. Unda ko’rsatuvlarni yuqori aniqlikdagi 4k formatida tomosha qilsa bo’ladi.
iPhone 8 va iPhone 8 Plyus telefonlarida katta o’zgarishlar, lekin shou yulduzi bu – iPhone X modeli ("X" deb yoziladi, o'n deb o'qiladi).
“Bu inqilobiy mahsulot”, - deydi “Apple” direktori Tim Kuk.
Displey old panelni deyarli to’liq egallaydi. Bosh tugma yo’q. Telefon egasining yuziga qarab ochiladi. Bu - FaceID texnologiyasi. Ammo ayfon narxi 999 dollar ekan, uni xarid qilishga hammaning ham qurbi yetmaydi, deydi tahlilchi Mark Xamrik.
“Hayotini ayfonsiz tasavvur qila olmaydigan odamlar bor. Ovqat yemasdan pul yig’ib, oxirgi modelini olishga harakat qilishadi. Bu qarorlar har kimning o’ziga havola, albatta. Ko’rpaga qarab oyoq uzatish kerak”, - deydi ekspert.
AQShda yangi telefonlarni uyali aloqa kompaniyalaridan kreditga olish mumkin. Uning bahosi ikki-uch yilga taqsimlanib, har oy xizmat haqi ustiga to’lab boriladi. Arzon emas.
“Qo’lingizdagi apparat ishlab turgan bo’lsa, bir dunyo pul sarflab yangisini olishga shoshmang”, - deydi Mark Xamrik.
Telefonni yangilash vaqti kelgan bo’lsa, deya maslahat beradi u, narx-navoni ko’zdan kechiring. “Apple” uchun katta bozor Xitoyda ayrimlar shu yo’lni tanlayapti.
“Yangi telefon narxi ming dollardan oshib ketarmish. Qarshi emasman, lekin shunga arziydimi, bilishim kerak. Hozir yirik displeyli telefonlar ko’p”, - deydi xitoylik talaba Li Menshing.
Telefon, audio pleyer, fotoapparat, GPS va boshqa bir qancha funksiyalarni o’zida mujassam etgan, simsiz quvvat oladigan yangi ayfon uchun ayrimlar 1000 dollar to’lashga tayyor.