Breaking News

"Apple" va kompyuterlar dizaynidagi inqilob


"Apple" va shaxsiy kompyuterlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:22 0:00

"Apple" va shaxsiy kompyuterlar

1990-yillarda kompyuter texnologiyalari rivojlana boshlaganiga ancha bo’lganiga qaramay personal kompyuterlar xona burchagida chang bosib yotadigan, rangsiz, beso’naqay mashinalarga o’xshardi. Ishini oddiy bir garajda boshlagan kompaniya buni o’zgartirdi.

1998-yilda “Apple” kompyuterlari dunyo bo’ylab allaqachon tanilgan edi. Lekin o’sha yilning avgustida kompaniya rahbari Stiv Jobs boshqa kompyuterlardan keskin farq qiladigan yangi mahsulotni taqdim etdi.

“iMac G3” xaridor manfaatlarini ko’zlaydigan yangi strategiya mahsuli edi. Uni Jobs va britaniyalik dizayner Jonatan Ayv ishlab chiqqan. Personal kompyuter shunchaki sanash mashinasi emas, degan ular.

“Avvalo, o’zlariga yoqqan mahsulotni yaratishgan ular,” - deydi Amerika industrial dizaynerlar jamiyatidan Deniel Martinej.

Jonatan Ayvning g’oyalari germaniyalik dizayner Diter Rams ta’sirida shakllangan. Ya’ni mahsulot nafaqat funksional bo’lishi, balki psixologik va estetik mezonlarga ham javob berishi kerak.

13 rangda ishlab chiqarilgan, dumaloq shakldagi “iMac G3” xaridorlar orasida katta muvaffaqiyat qozondi.

“Jobs tashqi ko’rinishga katta ahamiyat qaratgan. Odamga zavq bersin, tushunish oson bo’lsin, degan,” - deydi Kaliforniya universitetidan Don Norman.

2001-yilda “Apple” kompaniyasi navbatdagi inqilobiy mahsulotini bozorga chiqardi – iPod. Burchaklari silliq, yumaloq. Cho’ntakda olib yurish qulay va oson.

Kompaniya shiori - nimaiki yaratsak, mijozlarning xohish-istaklari birinchi o’rinda turadi. 2001-yilda “Apple” o’z do’konlarini ochdi. Mahsulotni qadoqlashga jiddiy urg’u berildi.

“Qutilari, upakovkasi xaridorni o’ziga jalb etadi. Ochganingizda instruksiya yoki disklarni ko’rmaysiz. Mahsulotning o’zini ko’rasiz. Ochib, shu zahoti ishlatish mumkin, batareyasi ichida o’rnatilgan,” - deydi Norman.

Portativ qurilmalar katta muvaffaqiyat qozongan bo’lsa-da, knopkalari hamon ko’rimsiz edi. Shunda kompaniya dizayn sohasida yana bir inqilob qildi: barmoqqa javob beradigan, sensorli ekran. Avval “iPod Touch”, 2007-yilda esa “iPhone” paydo bo’ldi.

Birinchi 15 oy ichida bir milliondan ziyod “iPhone” telefoni sotildi. Boshqa kompaniyalar ham dizayn bobida “Apple”ga ergashdi.

“Apple”ning dizayn dunyosiga ta’siri salmoqli. Mahsulot dizayni ustuvor masala ekani oydinlashdi,” - deydi Martinej.

Stiv Jobsning o’limidan besh yil o’tib ham “Apple” o’z kashfiyotlari bilan xaridorlarni o’ziga rom etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG