Breaking News

iPhone savdosi nega tushdi?


Dunyodagi eng nomdor va serdaromad kompaniya o'tgan hafta ilk yo'qotishga uchradi. AQShning Kaliforniya shtatida joylashgan "Apple" kompaniyasi iPhone rusumidagi telefonlarni sotishda 13 yilda ilk bor belgilangan rejani bajara olmadi.

Kompaniya rahbari Tim Kuk Xitoyda iqtisodiy o'sishning sekinlashganini sabab deb biladi, biroq tahlilchilarga ko'ra, "Apple" daromadining tushishini smartfon bozorida raqobatning kuchayganidan, uning "Apple" mahsulotlariga to'lib bo'lganidan va yangi mahsulotning kamligidan ham ko'rsa bo'ladi. Albatta, qiymati yarim trillion dollardan oshiq kompaniya uchun bu fojiali holat emas, ammo sarmoyadorlar uchun xavotirga molik masala.

Dunyoda ikki milliarddan ziyod odam smartfonlardan foydalanadi, shulardan har beshinchisida iPhone bor. "Apple" kompaniyasi o'tgan oy 40 yilligini nishonladi.

"Apple" 21-asr kompaniyasiga eng ajoyib misoldir. Gap uning hajmida emas, balki innovatsiyaga tayanganida”, - deydi iqtisodiy tahlilchi Jen Rendolf.

Ammo yangi ayfonni sotib olish uchun do'kon eshigi yonida soatlab navbatda turadigan paytlar o'tib ketdi, deydi ayrimlar. O'tgan hafta ilk bor "Apple" kutilgan daromad ololmadi. Qatorasiga 51 serdaromad chorakdan so'ng.

Yana bir tahlilchi Ross Rubinning aytishicha, "Apple" AQSh, Yaponiya, G'arbiy Yevropa bozorlarining yuqori pog'onalarida raqobat qiladi va aynan shu hududlarda smartfon bozori xilma-xillashmoqda.

Biznes maktabi professori Gret Otrining aytishicha, narxlarning yuqoriligi hamda Xitoy iqtisodiyotining sekinlashgani "Apple" daromadining tushganiga sababdir.

“Apple" boshqa bozorlarga nigohini qaratishi kerak. Masalan, ko'p sonli aholiga ega Hindistonga. U yerda o'rta sinf o'smoqda, imkoniyatlar bor. Lekin Hindiston Xitoy bir paytlar rivojlanganchalik tekis rivojlanmayapti", - deydi mutaxassis.

Tahlilchi Frank Jilet "Apple" ayfon bilan cheklanmasligi kerak, deydi. Android smartfonlari foydalanuvchilari dunyoda ko'pchilikni tashkil etadi.

“Agar "Apple" birorta yangi mahsulot ishlab chiqarsa yoki narxlarini tushirsa, savdo yana chaqqonlashishi mumkin. Ayniqsa agar yangi mahsulot smartfonlar bozoridagi mahsulotlardan farq qilsa. Narx yoki texnologik novatorliksiz bozor qanday bo'lishini bashorat qilish qiyin", - deydi u.

Birinchi chorakda 50 milliard dollardan ko'p daromad ko'rgan "Apple" muammo bilan yuzlashyapti, deb bo'lmaydi. Biroq dunyoning eng qimmat shirkatlaridan biri uchun hozirgi vaziyat uzoq kelajakda pand berishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG