Qo'shma Shtatlarda bir yarim millionga yaqin arab yashaydi. Ko'pchiligi Livan, Suriya va Falastindan. Ular orasida oliy ma'lumotli, davlat va xususiy sektorda ishlaydigan fuqarolar juda ko'p. Saylovlarda arablar asosan Respublikachilar Partiyasiga ovoz beradi. Lekin bugun siyosiy qarashlar ancha o'zgargan.
Michigan shtatida arab-amerikaliklar 300 mingni tashkil etadi. Aksariyati Detroyt shahri atrofida istiqomat qiladi.
1990-yillarda Qo’shma Shtatlardagi arab-amerikaliklarning uchdan biri o’zini respublikachi deb bilardi. Lekin u vaqtlar o’tdi-ketdi, bugun manzara tamoman boshqa.
Osama Siblaniyy arab dunyosiga bag’ishlangan yangiliklar saytini yuritadi. Uning aytishicha, 2001-yildan yildan buyon Respublikachilar partiyasi tomonidan musulmonlarga qarshi olib borilayotgan propaganda saylovchi ko’nglini sovitgan.
“Din, e’tiqod, oilaviy qadriyatlar, kichik biznesga bo’lgan munosabat va ichki siyosat haqida gapirganda, biz respublikachilar bilan hamfikrmiz. Hayronman, ularga xayrixoh shunday katta bir jamoa bilan ular nega hisoblashmayapti”, - deydi u.
Vorren Deyvid - Vashingtonda fuqaro huquqlari va diskriminatsiyaga qarshi qo’mitani boshqaradi. 35 yildan buyon siyosiy jarayonlarni kuzatib kelayotgan bo’lsam, arab-amerikaliklar orasida saylovga qiziqish hali bu darajada past bo’lmagan, deydi u.
Albatta, AQShdagi har ikki yirik partiya kampaniya davomida o’z safini kengaytirishga harakat qiladi. Arab-amerikaliklarni konservativ guruhlardan begonalashtirgan omillar bu – Iroqdagi urush hamda terrorizmni bartaraf etish bahonasida ko’rilgan choralardir.
Zogbi tadqiqot markazi o’tkazgan so’rov natijasiga ko’ra, Amerikaga muhojir bo’lib kelgan arablarning atigi 12 foizi respublikachilarni qo’llab-quvvatlaydi.
Michigandagi restoran egalaridan biri mamlakatning moliyaviy ahvolidan shikoyat qiladi.
“Respublikachilar boylarning xizmatida. O’rta va quyi sinf bilan ishi yo’q ularning”, - deydi Amal Nemir.
Yaqinda bir necha arab tashkilotlari prezidentlikka texaslik kongressmen Ron Polni yoqlab chiqishdi.
Osama Siblaniyy singari yetakchilarning qayd etishicha, jamoa bu bilan Respublikachilar partiyasiga do’stlik qo’lini cho’zmoqda. Arab-amerikaliklar ularning dardiga quloq tutgan nomzodlarga ovoz beradi.