Arab bahori Yevropani ham qo’zg’atdi

  • Amerika Ovozi

Arab bahori Yevropani ham qo’zg’atdi

Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada “Arab bahori” ta’sirida jiddiy o’zgarishlar ro’y berar ekan, Yevropada ham hukumatga qarshi namoyishlar kuzatilmoqda.

“Arab bahori” aslida qishda, yanvar o’rtasida Tunisda boshlandi. Minglab namoyishchilar prezident Zaynobiddin bin Ali iste’fosini talab qilib, maqsadiga yetdi.

So’ng Misrga navbat keldi. O’xshash namoyishlar natijasida xalq 30 yillik prezident Husni Muborakdan qutuldi.

Meri Kaldor Sovuq Urush davrida Vengriyada muxolif harakatda ishtirok etgan. Hozir esa Londondagi Iqtisodiyot maktabida professor.

Liviya rahbari Muammar Qaddafiy

“Yaqin Sharqda bunday bo’ladi deb hech kim o’ylamagan edi. Chunki G’arb yaqin sharqliklar boshqacha, islom dinidagilar boshqacha, bizga o’xshamaydi, deb o’ylagan. Terrorga qarshi urushga ham shunday tushuncha yetaklagan. “Arab bahori” esa bunday fikrning noto’g’ri ekanini isbotladi. Arablar ham demokratiyani istashini namoyish etmoqda”, - deydi Meri Kaldor.

“Arab bahori” ketidan esa Yevropada ham isyon boshlandi.

Avval Gretsiya poytaxti Afinada hukumatning xarajatlarni qisqartirib, soliqlarni oshirishga qaratilgan choralaridan xalq g’azablandi.

“Namoyishlar o’rtasida o’xshashlik bor. Yevropada ham, arab dunyosida ham xalq siyosiy jarayonlar uning ishtirokisiz kechayotganidan norozi. Ular nazarida siyosatchilar xalqdan ajralgan. Jamoatchilik ularga so’zini o’tkaza olmaydi. Banklar xatosi uchun nega endi xalq javob berishi kerak, degan tushuncha mavjud”, - deydi Kaldor.

Liviya isyonchilari

Britaniya, Ispaniyada ham namoyishchilar hukumat siyosatidan norozilik bildirdi.

“Britaniya Kasaba uyushmalari kongressi kotibi Oven Tyudorning aytishicha, namoyishlarni boshdan o’tkazayotgan mamlakatlarda sharoit har xil, ammo sabablari juda o’xshash. Masalan, Yevropada demokratik jamiyatlar bo’lsa, Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqda avtoritar tuzumlar, biroq muammo negizida iqtisodiy sabablar yotibdi”, - deydi Tyudor.

Uning aytishicha, Misrdagi namoyishlar ortida kasaba uyushmalar turgan. Yevropa kasaba uyushmalari arab davlatlaridagi hamkorlarini qo’llab-quvvatlamoqda. Evaziga esa yevropaliklar ulardan maslahat olmoqda.

“Arab faollarining yutuqlaridan Yevropada ilhomlanish bor. Ular Yevropaga kelib, o’z tajribalari bilan almashmoqda”, - deydi Oven Tyudor.

Ayrim kuzatuvchilar nazarida “Arab bahori” Liviya va Suriyaga kelganda pand berdi. Ammo, deydi professor Kaldor, namoyishlar arab dunyosidagi geosiyosiy muhitni tubdan o’zgartirishga ulgurdi.

London

“1989-yil Sovuq Urush tugagani bilan esda qoladi. 2011-yilda esa terrorga qattiq zarba berildi. Mintaqada al-Qoida yakkalandi, xalqlar unga ishonmay qo’yishdi. AQSh kuchlari Osama bin Ladenni Pokistonda otib o’ldirgan bo’lsa, namoyishlar al-Qoidaning siyosiy mafkurasini chilparchin qildi”, - deydi Kaldor.

Yevropa va arab davlatlaridagi namoyishlar oxir-oqibatda nima bilan tugashi hozircha noma’lum.

Ammo tahlilchilar nazarida 2011-yil o’zgarishlar davri sifatida tarixda qolishi aniq.