Muxolifat: Armanistonda hali erkin va adolatli saylov bo'lmadi

  • Amerika Ovozi

Prezidentlikka nomzod Raffi Xovannesyan, Yerevan, Armaniston, 16-fevral, 2013-yil

21 yil oldin mustaqillikka erishgan Armaniston o’z taraqqiyot yo’lini bosib o’tmoqda. So’nggi yillarda ochiq jamiyatga aylangani bilan, dmeokratiya bobida hali ko’p qadam tashlashi lozim. Buni 18-fevralda o’tgan prezident saylovlari qanday o’tganidan bilsa ham bo’ladi.

Saylovlarda mag’lub bo’lganiga qaramay, muxolifatdan nomzod Raffi Xovannesyan g’olib bo’lganini da’vo qilmoqda.

"20 yilda ilk bor fuqarolarimiz Konstitutsiyaga, qonun ustuvorligiga, demokratiyaga “ha” deb javob berdi", - deydi u o'ziga ovoz bergan saylovchilarni nazarda tutib.

Saylov jarayonidan yana bir nomzod norozi bo’lib, kampaniya davomida Andreas Gukasyan ochlik e’lon qildi.

"Jamiyatimiz, hukumat va dunyo jamoatchiligi diqqatini Armaniston haligacha mustaqillikka to’liq erishmaganiga qaratish uchun shunday qildim", - deydi u.

Besh yil oldingi saylovlarda poytaxt Yerevanda namoyishlar avj olib, 10 kishining o’limiga sabab bo’lgan edi. Bu safar huquq-tartibot organlari ham, namoyishchilar ham saylov natijalariga bosiqlik bilan munosabat bildirmoqda. Ayrimlar nazarida jamiyatda ochiqlik kuzatilmoqda.

Yerevanlik tahlilchi Richard Giragosyanga ko’ra, mamlakatda g’arbiy shakldagi demokratik jarayonlar rivojlanmoqda.

Saylovlarda amaldagi prezident Serj Sarkisyan 59 foiz ovoz bilan g’alaba qozondi. Xovannesyan uchun esa saylovchilarning 37 foizi ovoz berdi. AQShning Kaliforniya shtatida tug’ilgan bu arbob Armanistonda Sovet Ittifoqi parchalanganidan so’ng ilk tashqi ishlar vaziri bo’lgan.

"Respublika mustaqillikning 22-yiliga qadam qo’yayotgan bo’lsa, shu kunga qadar mamlakatda biror marta erkin va halol saylovlar o’tmadi. Armaniston xalqi tashabbusni qo’lga olib, demokratiya, qonun ustuvorligi va fuqarolik huquqlarini qaytib olishi zarur", - deydi u.

Prezident saylovlarini yetti mingga yaqin mahalliy va xorijiy mutaxassislar kuzatdi. Yevropa Parlamentidan kuzatuvchilar guruhining rahbari Karin Voldset nazarida ayrim yo’nalishlarda olg’a siljish bor.

"Matbuot va qonunchilikda, uyushish va so’z erkinligi bobida sezilarli o’zgarishlarni ko’rdik", - deydi u.

Biroq matbuot anjumanida muxolifat tarafdorlari yevropalik kuzatuvchilarni noxolislikda ayblab, ishiga jiddiy yondashish o’rniga ularning sayyoh sifatida kelib-ketganini ta’kidladi.

"Ular olg’a qadam tashlaganimizni aytishadi, saylovlar ochiq bo’lgan, deyishadi, ammo bularning hammasi yolg’on. Chunki saylov uchastkalarida kuni bilan jarayonni kuzatgan vakillarimiz ma’lumotiga ko’ra, qonunbuzarliklar ko’p bo’lgan. Yevropaliklar nimani ham ko’rardi, axir ular uchastkada ko’pi bilan 15 daqiqa bo’lsa", - deya norozi bo’ladi muxolifat a’zosi Mamikon Xovsepyan.

Mag’lub bo’lgan nomzod Xovannesyan saylovlardan so’ng mamlakat kezib, norozilik namoyishlari uyushtirmoqda, muxolifatni birlashtirishga harakat qilmoqda.

"Hokimiyatga qonsiz qaytamiz. Yana besh yildan so’ng Armaniston ilk erkin va halol saylovlarga shohid bo’lishiga ishonchim komil", - deydi u.

http://www.voanews.com/flashembed.aspx?t=phg&id=1613226&w=640&h=506&skin=embeded