AQSh armiyasida polkovnik darajasiga erishgan vyetnamlik qochqin hikoyasi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Daniela No oilasi bilan Vyetnamdan qanday qochganini unchalik eslay olmaydi. Shimoliy Vyetnam askarlari Saygonni egallab olishinidan oldin u AQSh harbiy samolyotida mamlakatni tark etgan. O’shanda Daniela 3 yoshda edi. Hozir u AQSh armiyasida polkovnik.

Daniela No AQShga 46 yil oldin kelgan vyetnamlik qochqinlar oilasidan. O’rmon yong’inlarini o’chirishda, Iroqda Saddam Husaynni qo’lga olish amaliyotida qatnashgan.

“Doim samolyotdan sakrashni, desantchi bo’lishni xohlaganman”, - deydi u.

Daniela No kelib chiqishi Vyetnamdan bo’lgan ayollar orasida AQSh armiyasida eng yuqori martabaga erishgan. U hozirda Armiya Bosh Inspektori idorasida, general-leytenant Lesli Smit qo’lida ishlaydi.

“U qarorlar ijro etilishini ta’minlaydi. Nafaqat idoramizdagi 200 odam, balki jang maydonidagi qo’mondonlarga yordam beruvchi 1400 inspektor ham unga tayanadi”, - deydi general Smit.

Danielaning buvisi AQShning Saygondagi elchixonasida ishlagan. Vyetnam urushi tugayotgan 1975-yilda uning qizi va nevaralari Saygon aeroportiga yo’l oladi. Chunki Shimoliy Vyetnam qo’shinlari shaharni bombardimon qilayotgan edi.

“Aeroport binosi hujumga uchrayotgani bois shifti qulayotgan edi”, - deydi No.

AQSh askarlari oilani harbiy samolyotga olib chiqadi.

“Odam ko’pligidan samolyot og’ir bo’lib ketdi. Askarlar ayrim uskuna-jihozlarni chiqarib tashlashdi. Urush tugayotgan o’sha mahalda AQSh armiyasi bizni qutqargan. Shuning uchun armiyaga yozilishni xohladim”, - deydi u.

U 17 yoshga to’lishi bilan xizmatga yozilmoqchi bo’ldi.

“Onamga armiyaga borishimni aytdim, yo’q dedi. 17 yoshda bo’lganim uchun onamning roziligi va imzosi kerak edi. “Seni urushdan olib ketdim, qaytib urushga yubormayman, deb aytdi”.

Oxir-oqibat onasi rozilik berdi. Daniela o’shandan buyon armiyani tark etgani yo’q. Boshqa ayollarni ham ruhlantirmoqda.

“U paytlar xotin-qizlarni jangovar qismga olishmas edi. Meni ikkita batalyondan biriga jo’nating, imkoniyat bering, deb iltimos qilganman”, - deydi polkovnik No.

Armiya sinov sifatida ruxsat berdi, deydi u, va parashyutdan sakray boshladim.

“So’ng homilador ekanimni bilib qoldim. Birinchi farzand. Lekin desantchilar maktabiga kirishim kerak edi. Shu bois hech kimga bildirmadim”.

Daniela shu tariqa yana uch bor vertolyotdan sakradi. So’ng bu xavfli ekanini tan oldi.

“To’g’ri, unday qilmasligim kerak edi, lekin zamon boshqa edi. Shuning uchun hikoyamni boshqa ayollarga aytib beraman. Men qilgan ishlarni bugun ular qilishi shart emas, chunki xotin-qizlar uchun imkoniyatlar ko’proq”, - deydi u.

Daniela yillar o’tib asosan erkaklar ishlaydigan jangovar muhandislik bo’limiga o’tdi. Portlovchi moddalar bilan ishlashda erishgan mahorati uchun yaqinda AQSh Milliy Muhandislik tashkiloti tomonidan taqdirlandi.

“Tajribali muhandis deya mukofotlashdi. Qurolli kuchlarda ayollar uchun eng qiyin sohalardan biri bo’lsa kerak, deb shu kasbni tanlagan edim”, - deydi No.

Uch farzandning onasi boshqa osiyolik amerikaliklarni ham qurolli kuchlar safiga qo’shilishga undaydi.