Amerika maktablarida byudjet hozir o'ta nozik masala. Ma’murlar tejayman deb, san’at darslarini qisqartirmoqda. Los-Anjeles shahrida bir necha tashkilot maktablar himoyasiga o’tgan.
“Vine Street” maktabi Gollivud kinostudiyalarining shundoqqina yonida joylashgan.
Atrofda asosan muhojirlar yashaydi, deydi Shauna Maklur, Hollywood Arts Group nomli notijorat tashkilot direktori.
“Milliy, madaniy jihatdan boy mahallalar – orasida lotin amerikalik, arman, osiyoliklar bor. Gollivudning eng sara tomonlarini olib, bu bolalarning madaniyati va tarixidan bir chimdim qo’shdik”, - deydi u.
Bu maktabni hukumat alohida toifaga kiritgan. Unda o’qiydigan bolalarning ko’pi o’rtahol yoki yo’qsil oilalar farzandlari. Notijorat tashkilotlar yuritayotgan loyiha doirasida mana shunaqa sakkiz maktab bolalari o’ymakorlik, kulolchilik, rassomchilik va aktyorlikdan dars oladi.
O’quvchilarga rosa yoqdi, deydi raqs domlasi Angelina Prendergast.
“Mazza qilishayapti. Kuni-bo’yi partada o’tiraverib, charchab ketishadi. Sal harakat qilish kerak undan keyin. Ko’pida iste’dod bor, ular ajoyib raqqos bo’lishlari mumkin. Mashq qilishni tashlamasa bo’ldi”, - deydi domla.
Muallima Barbara Rozenblatt san’at va madaniyat bola ta’limida juda muhim, deydi. Ayniqsa, kino sanoati shundoq yoningda bo’lsa.
“Bolalar Gollivudda nima bo’layotganini o’z ko’zi bilan ko’rsa, umuman, odamlar hayotidan xabardor bo’lsa, yaxshi”, - deydi u.
Los-Anjelesda odatda o’quvchilarning yarmi maktabni bitiradi, qolgani tashlab ketadi.
Nila Arslanyan Hollywood Arts Group prezidenti. San’atga mehri tushgan bola umuman, o’qishga iliydi, uni bitiradi, deydi u.
“Bola uchinchi, to’rtinchi sinfda katta bo’lsam, doktor bo’laman, advokat yoki o’t o’chiruvchi bo’laman deydi. Uning xohishi chegara bilmaydi. Lekin ulg’aygani sari o’sha ixlos sekin-sekin g’oyib bo’lib boradi. Shunisiga aminmanki, rassomchilik, drama, raqsni tanigan qiz-o’g’illarning dunyoqarashi o’zgaradi”, - deydi Arslanyan.
Teatr domlasi Melissa Berman.
“Odamlar bilan birga bo’lib, ularni tinglash, muomala qilishi kerak bo’ladi. Mana shu darslarga qatnab, gap-so’zi, xatti-harakatini, fikrini charxlab oladi. Hayotda kerakli tajriba bu”.
Loyiha homiylari maktablarda san’at bo’yicha darslar ko’payadi, buning uchun mo’lroq mablag’ ajratiladi, deya umid qiladi. Hozircha esa bo’sh kelmaslik kerak.