Obama ASEANda mehmon bo’ladi

18-noyabr kuni Kambodjada ASEAN, Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasining navbatdagi sammiti boshlanadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Obama ASEANda mehmon bo'ladi/Shohruh Hamro


Shu yili yozda o’tgan uchrashuv natijasiz yakunlangan, chunki mintaqadaning eng qudratli davlati Xitoy va qo’shnilar orasida orollar talash. Bu safargi majlisda AQSh rahbari Barak Obama ham qatnashadi.

ASEANga 10 davlat a’zo – Bruney, Kambodja, Indoneziya, Laos, Malayziya, Birma, Filippin, Singapur, Tailand va Vyetnam.

Tashkilotning iyul oyidagi yig’ilishida qo’shma bayonot qabul qilinmaganida ko’pchilik Xitoyni ayblagan. Tashkilot tarixida hali bunaqasi bo’lmagan edi.

O’shanda uchrashuvga mezbon Kambodja Xitoy tomonidan bosimga olingan, Vyetnam va Filippinning Janubiy Xitoy dengizida mojarolar avj olayotgani haqidagi e’tirozlari chetga surilgan.

Kelasi hafta o’tadigan sammitda prezident Barak Obama ham ishtirok etishi kutilar ekan, Vashingtondagi strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi xodimi Erni Bauerning aytishicha, Kambojda uchun bu yangi imkoniyat, masalaga muvozanat bilan yondashish uchun qulay fursat.

“Muvozanat deganda AQSh va Xitoy bir davrada o’tirishini nazarda tutmayapman. Osiyo yetakchilari bir-biri bilan teng gaplasha olishi, ASEAN juda muhim ekani tan olinishi kerak”, - deydi Bauer.

Xitoy Janubiy Xitoy dengizidagi kattayu-kichik orollarni o’ziniki deb, ularni agressiv tarzda himoya qilishga o’tgan. Bunday xatti-harakatlar xalqaro hamjamiyat, jumladan, Qo’shma Shtatlar xavotiriga sabab bo’layotir.

To’qnashuvlarni bartaraf etish uchun ASEAN uyushmasi Xitoy bilan bir kelishuvga erishmoqchi. Hujjatda davlatlar dengizda o’zini qanday tutishi belgilab olinishi kerak.

Ammo rasmiy Pekin ASEAN a’zolari bilan birga-bir muzokara qilishni, kelishmovchiliklarni har bir davlat bilan alohida hal qilishni ma’qul ko’radi.

Bangkokdan siyosatshunos Titinan Pongsuxirak deydiki, iyul oyidagi uchrashuv samarasiz tugagani bois bu safargi majlisdan umidlar katta. Xitoy bilan kelishuv imzolansin degan talablar yangramoqda.

“Ayni paytda Xitoyning diqqat-e’tibori ichki siyosatda, yangi rahbarlar tayinlanayapti. Ular o’zini kuchli qilib ko’rsatish uchun murosaga bormasligi mumkin”, - deya mulohaza yuritadi suhbatdosh.

Prezident Barak Obamadan ASEAN majlisida inson huquqlari masalasini ko’tarish so’ralgan. Bu haqda qisqa bayonot qabul qilinishi ehtimoldan xoli emas.

Human Rights Watch tashkilotining Osiyo bo’yicha direktori o’rinbosari Fil Robertson fikricha, deklaratsiya loyihasi xalqaro andozalarga javob bermasligi hozirdan ma’lum.

“Hujjatda huquq e’zozlanishi haqida ko’p gapiriladiyu, lekin istisno hollar, xususan, mahalliy qonun-qoidalar, huquqni mas’uliyat bilan muvozanatlash, xavfsizlik va barqarorlik har narsadan ustun ekani alohida belgilangan”, - deydi Robertson.

Xalqaro tashkilotlar nazarida Obama Kambodja Bosh vaziri Xun Sen bilan yuzma-yuz muloqotda ham mamlakatda fuqaro erkinliklari toptalayotganini eslatib o’tishi kerak.