London sudi Assanj masalasida AQShdan kafolatlar so’ramoqda

  • Amerika Ovozi

Britaniya Oliy sudi “Wikileaks” sahifasining asoschisi avstraliyalik Julian Assanjni AQShga ekstraditsiya qilishdan oldin Qo’shma Shtatlardan Assanj o’limga mahkum etilmasligi haqida kafolat olmoqchi. Agar AQShdan uch hafta ichida bunday kafolat olinmasa, sud Assanjning apellyatsiyasi ko’rib chiqilishini bildirdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 27-mart, 2024-yil

Assanj tarafdorlari AQShni jinoiy ishni yopishga chaqirmoqda.

“Uchta sababga ko’ra apellyatsiya berishga vaqtincha ruxsat berildi bizga – Assanjga AQSh Konstitutsiyasining birinchi tuzatishidan foydalanishga ruxsat bermasligini, o’lim jazosiga mahkum qilish xavfiga uchrashini hamda avstraliyalik bo’lgani sabab ishi noxolis ko’rilishini asos qilib ko’rsatdik. Sud buning oldini olish uchun qoniqarli kafolatlar talab qildi. Ammo bizning nazarimizda, qoniqarli kafolatlarning o’zi yo’q”, - deydi Assanjning advokati Jennifer Robinson.

Faol so’nggi besh yildan beri Britaniyaning qattiq tartibdagi Belmarsh qamoqxonasida saqlanmoqda. AQSh hukumati uni maxfiy hujjatlarni o’g’irlashga doir 18 ta federal jinoyatda ayblamoqda.

2010-yilda “WikiLeaks” sahifasi AQShning Afg’oniston va Iroqdagi urushlariga doir diplomatik telegrammalarni chop etgan. Assanj AQSh harbiylari tomonidan sodir etilayotgan qonunbuzarliklarni fosh etganini bildiradi.

AQSh hukumati yuristlariga ko’ra, hujjatlar o’g’irlangan, ularning chop etilgani AQShni ma’lumotlar bilan ta’minlab turgan informatorlar hayotini xavf ostiga qo’ydi.

Assanj tarafdorlari u jurnalist sifatida ishini bajarganini, jamoatchilik bilishi kerak bo’lgan ma’lumotni oshkor etganini, unga qarshi ayblovlar ortida siyosiy sabablar borligini ta’kidlaydi.

Agar AQSh talab qilinayotgan kafolatlarni britan sudiga o’z vaqtida taqdim etsa, mahkamaning keyingi majlisi 20-may kuni o’tkaziladi.