Ostonadagi sammitda Qirg’iziston masalasi alohida ko’riladi

  • Amerika Ovozi

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga bu yil Qozog’iston rais. Rasmiy Ostona Qirg’izistondagi vaziyatdan xabardor. Yordam masalasida o’z so’zini aytsa, bas.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Qozog’istondagi sammitida regional masalalar, jumladan, Qirg’izistondagi vaziyat ham muhokama qilinishi kutilmoqda.

Anjumanda AQSh davlat kotibasi Xillari Klinton ham qatnashib, so’ng Qirg’iziston va O’zbekistonga yo’l oladi. Mutaxassislar nazarida bu nufuzli idora Qirg’izistonni oyoqqa turg’azishda hissa qo’shishi mumkin.

56 davlat rahbarlari qatnashishi kutilayotgan ushbu anjumanda ko’riladigan masalalardan biri Qirg’izistonga ko’maklashishdir.

Ostonadagi uchrashuvdan nimalarni kutayapsiz? degan savolga O’sh viloyatidagi gazeta muharriri Muhammadsoli Ismoilov shunday javob beradi:

“Rahbarlarimiz siyosiy, ijtimoiy sohada qanday yordam kutadi, bilmayman. Lekin bo’lg’usi sammitdan aholining umidi juda katta. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, ayniqsa, huquq-tartibot xodimlarini jindak bo’lsa-da, tolerantlik, ahloq-odob, aholiga mehribonlik borasida tarbiyalashi mumkin", - deydi u.

"Bir vaqtlar politsiyachi maslahat guruhi keladi degan umidda edik. Bunga qarshilar ko’p bo’ldi. Ikkinchi Kosovo bo’lib ketadi, degan gaplar bo’ldi. Endi u gaplar chetda qolib, boshqa ko’rinishda yordam berishmoqchi. Hech bo’lmasa o’sha yordamni tezlatishsa. Rahbarlarimiz shuni iltimos qilishar”, - deydi muharrir.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, nafaqat siyosat, balki ijtimoiy, iqtisodiy muammolarni hal qilishda ancha tajribaga ega, deydi Ismoilov. Bu tajriba Qirg’iziston xususida qo’l kelishi mumkin.

“Iqtisodiyot juda orqada, qo’shni davlatlar chegaralarni yopib qo’ygan. Chegaraga doir muammolarda tashkilotning tajribasi juda katta, demak, yordami ham bo’lishi mumkin. Masalan, u davlatdan bu davlatga o’tishning ma’qul yo’llarini taklif qilsa, ajabmas. Bundan tashqari, insonparvarlik yordamini tarqatish, buni tashkillashtirishda ham madad berishi mumkin”, - deydi Ismoilov.

Qirg’izistonga ko’mak samarali bo’lishi uchun bu davlat va tashkilot o’rtasida ishonch, ikki tomon faolligi lozim. Tahlilchi Svetlana Gaffarova nazarida Qirg’iziston masalasi anjumanning kun tartibiga alohida band etib kiritilgani ijobiy hol.

“Xalqaro tashkilotlar bizni har jihatdan qo’llab-quvvatlashga tayyor ekanidan dalolat beradi bu. Endi gap Qirg’iziston ziyolilari, rahbarlarida qolgan. Ular jipslasha oladimi – gap mana shunda. Avvalo boshqaruv tizimlari samarali ishlay boshlashi, hukumat shakllanishi lozim. Va u qonun ustuvorligini ta’minlashda namuna ko’rsatib bersin”, - deydi Gaffarova.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga bu yil Qozog’iston rais ekan, anjuman Markaziy Osiyo uchun e’tiborga molik. Nazarboyev ma’muriyati Qirg’izistondagi vaziyatdan xabardor. Yordam masalasida o’z so’zini aytsa, bas.