Belgiyadagi aksil-terror operatsiyasida ikki kishi halok bo’ldi

  • Amerika Ovozi

Belgiya politsiyasi Vervye shahrida ko'chalarni nazorat qilmoqda. 15-yanvar 2015-yil

Belgiya prokuraturasining bildirishicha, payshanba kuni mamlakat sharqidagi Vervye shahrida o’tkazilgan aksil-terror amaliyotida ikki kishi halok bo’lgan. O’tgan hafta Parijda 17 odam hayotini olib ketgan voqealardan so’ng ro'y bergan bu xodisa Yevropada xavfsizlik masalasini dolzarblashganidan darak bermoqda.

Aksil-terror operatsiyasi Vervye markazida, Lyej shahri va Germaniya chegarasi yaqinida o’tkazilgan.

Prokurorlarga ko’ra, terrorchilar Belgiyada katta xuruj uyushtirmoqchi bo’lgan. Ulardan ayrimlari - Suriyada jang qilib qaytgan kishilar.

Operatsiya natijasida bir odam hibsga olingan. Politsiyachilar orasida qurbonlar yo’q.

Jurnalistlarga ma’lumot bergan prokuror Vervyedagi terrorchilarning Parijdagi xodisalarga aloqasi bor yoki yo’qligi haqida gapirmadi.

Belgiyaning RTBF davlat televideniyesi xabarlarlariga ko'ra, reyd davomida bir odam og’ir jarohat olgan.

Guvohlar olgan noprofessional video tasvirga ko’ra, reyd uyushtirilgan joy olov va tutunga to’lgan, shuningdek, binoda o’q uzilgan va portlashlar eshitilgan.

Belgiyada xavfsizlik choralari kuchaytirildi.

Islomiy jangarilarning keng ko’lamli faoliyati

Payshanba ertalab Belgiya rasmiylari Amedi Kulibaliyni qurol bilan ta’minlaganlikda gumon qilinayotgan shaxsni hibsga olgan edi. Kulibali o’tgan hafta Parijdagi do’konda bir nafar politsiya zobiti va yana to’rt odamni o’ldirgan.

Belgiya musulmonlari orasida so’nggi paytlarda shubhali faoliyat kuchaygan, deydi davlat rasmiylari. RTBF telekanaliga ko’ra, Bryusselda ham aksil-terror reydlari amalga oshirilmoqda.

So’nggi to'rt yil davomida ko’plab belgiyalik musulmonlar Suriyada isyonchilar tarafida jang qilmoqda. Kishi boshiga hisoblanganida bundaylar soni Belgiyada boshqa Yevropa mamlakatlariga qaraganda eng ko’p.