Bayden Rossiya xalqiga murojaat qildi

  • Amerika Ovozi

Jo Bayden

Rossiya NATOning sharq tomon kengayishini o’z xavfsizligiga tahdid deb bilgan bir paytda AQSh Prezidenti Jo Bayden rossiyaliklarga murojaat qilib, AQSh va NATOdan qo’rqmaslikka chaqirdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 16-fevral, 2022-yil

Uning aytishicha, Rossiya chegaradan qo’shinlarining bir qismini olgani haqidagi xabarlar tasdig’ini topgani yo’q hozircha.

“Rossiya 150 mingdan ortiq qo’shin bilan Ukraina va Belarusni o’rab olgan, hujum ehtimoli hisobdan chiqarilgani yo’q”, - dedi Bayden.

Uning aytishicha, Amerika Rossiya xalqini o’ziga dushman deb bilmaydi, ikki mamlakat 77 yil oldin tarixdagi eng dahshatli urushda yelkama-yelka jang qilgan.

“Ikkinchi jahon urushi zaruriyat urushi bo’lgan, biroq Rossiya Ukrainaga hujum qilsa, bu ixtiyoriy urush bo’ladi. Sababsiz va zaruratsiz urush bo’ladi. Ukraina Rossiyaga tahdid emas. AQSh va NATOning Ukrainada raketalari yo’q. Rossiyani beqarorlashtirish niyatimiz yo’q”, - dedi Bayden.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin G’arb bilan muloqotni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.

Bayden bashoratiga ko’ra Rossiya Ukrainaga hujumni bugun boshlashi kerak edi. Ukrainada ertalabdan milliy bayroqlar ko’tarilib, madhiya yangradi. Prezident Vladimir Zelenskiy 16-fevralni “Birlik kuni” deb e’lon qildi.

Rossiya qo’shni davlatga hujum qilish rejasi borligini inkor etarkan, Ukraina undan ajralgan sharqiy hududlarga hujum qilsa, tegishli chora ko’rishini bildirdi. Kremlga ko’ra, Kiyev Donbass yonida 100 mingga yaqin qo’shin to’plagan.

Rossiya Mudofaa vazirligi Qrimdagi mashg’ulotlarda qatnashgan tanklar va boshqa turdagi harbiy texnika yarim oroldan olib chiqilayotgani tasvirlangan videoni tarqatgan. Bundan bir kun oldin ham chegaradagi qo’shinlarning bir qismi o’z kazarmalariga qaytarilayotgani e’lon qilindi, biroq Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uollas bunga dalil ko’rmaganini aytadi.

Uollas va uning NATOdagi hamkasblari bugun Bryusselda to’planib, Ukraina chegarasidagi vaziyatni muhokama qilgan.

Ikki kunlik majlisda AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin ham qatnashmoqda. Yig’in ittifoqchilar birligini namoyish etishga ham qaratilgan.

“Bu NATO uchun hal qiluvchi davr. Bunday vaziyatga NATO 1949-yilda tashkil etilganidan beri duch kelmaganmiz”, - deydi Vashingtondagi “Demokratiyalar himoyasi uchun jamg’arma”dan Bredli Bauman.

AQSh qiruvchi samolyotlari NATOning sharqiy qanotini nazorat qilishga shay turibdi. So’nggi bir necha 10 yilda ilk bor Adriatika dengiziga AQSh avianosetsi kirdi. Minglab amerikalik qo’shinlar Polsha va Ruminiyaga safarbar etilmoqda.

Rossiya Davlat Dumasi Prezident Putinga murojaat etib, Ukrainadagi ikki bo’lginchi hududni mustaqil davlat deb tan olishga chaqirdi. G’arblik kuzatuvchilarga ko’ra, shunday bo’lgan taqdirda Rossiya Donbassga qo’shinlarini kiritishi mumkin.