2022-yilda AQSh mudofaa uchun 768 milliard dollar sarflaydi

  • Amerika Ovozi

Prezident Bayden, Oq uy, Vashington, 27-dekabr, 2021

Prezident Jo Bayden 27-dekabr kuni Oq uyda 2022-yilda Pentagon moliyasi bilan bog'liq qonunga imzo chekdi. Unga ko'ra, mudofaa uchun AQSh kelayotgan yilda 768,2 milliard dollar sarflanadi.

Byudjet o'tgan yilga qaraganda 5 foizga oshgan. Prezident Baydenga ko'ra, bu qonun nafaqat harbiy xizmatchilar, balki ularning oilalari manfaatlarini ham ko'zlaydi va eng muhimi, davlat tinchligini ta'minlovchi tizimni quvvatlaydi.

Aslida Oq uy Pentagon uchun berilayotgan mablag'dan 25 milliard kamroq so'ragan edi. Lekin Kongress va Bayden ma'muriyati masalani obdon muhokama qilib, rejani yangilagan. Qonun zamon talablariga javob berishi zarur, deydi uning uchun ovoz bergan qonunchilar.

Demokratlar va respublikachilar bu borada kelisha olganidan mamnun, ammo har ikki tomon o'zini Pentagon moliyasi bo'yicha debatda g'olib deb hisoblaydi.

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin, Pentagon, 21-noyabr, 2021

Qonunda qator islohotlarga ham moliya ajratiladi, jumladan harbiy adliya tizimida yangiliklar qilish va zobitlarning sog'lig'ini saqlash, shuningdek, xizmatda jinsiy tajovuzlarga qarshi kurash singari maqsadlar uchun.

Qonun Tayvanni Xitoy tahdididan himoya qilish uchun 7,1 milliard dollar kafolatlaydi.

Ukrainani Rossiya agressiyasiga nisbatan quvvatlash uchun 300 million dollar hamda Yevropa mudofaa tizimlariga yordamlashish uchun 4 millard dollar sarflash rejalangan.

Qonunda Bayden ma'muriyatiga ma'qul bo'lmagan bandlar ham bor. Xususan, Oq uy Guantanamo qamog'ini yopish harakatida ekan, mahbuslarni ko'chirish yoki ozod etish uchun mablag' cheklangan. Prezident Baydenga ko'ra, bu cheklov hukumatni zarur qadamlar tashlashiga to'siq, jumladan mahbuslar yuzasidan boshqa davlatlar bilan muzokaralarni qiyinlashtiradi.

Qonun tizimda Xitoyda ishlab chiqarilgan va majburiy mehnatga asoslangan mahsulotlarni ham man etadi.