Seshanba kuni Isroilga borgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken yahudiy davlat rahbarlari bilan ko’rishib, G’azoga gumanitar yordamni oshirishga, Isroil va XAMAS o’rtasida otashkesimga chaqirdi. Blinken XAMAS rahbari Yahyo Sinvarning o’limini sulh bo’yicha muzokaralarni jonlantirishga yaxshi imkoniyat deb atadi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Ushbu imkoniyatdan olg’a qadam qo’yishda foydalanish kerak. Safarim chog’idagi suhbatlarda shunga urg’u berilyapti”, - dedi u.
Biroq Isroil G’azodagi g’alabasidan ruhlangan ko’rinadi.
“Isroilda Netanyaxuga o’xshaganlar garovga olingan vatandoshlarini qutqarish uchun ko’proq kuch ishlatish kerak degan fikrda. Boshqalar esa urushni tugatish uchun, garovdagilarni ozod etish uchun oldin shartnoma imzolash zarur demoqda”, - deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq institutidan tahlilchi Nimrod Goren.
Livanda o’tgan oy “Hizbulloh” rahbari Hasan Nasrulloh o’ldirilganiga qaramay, Isroil ikkinchi frontda ham amaliyotlarini kuchaytirmoqda.
Blinken Isroildan “Hizbulloh” bilan 2006-yildagi urushdan so’ng BMTda qabul qilingan 1701 rezolyutsiyaga amal qilishga va vaziyatni deeskalatsiya qilishga chaqirdi.
“AQSh ma’muriyati Isroilda “Hizbulloh” infratuzilmasini yo’q qilishdan boshqa chorasi yo’qligini tushunib turibdi. Biroq Oq uy Livan janubida tartibni saqlash uchun aniq muqobil mexanizm yo’q bir sharoitda G’azodagi tajribadan larzaga tushgan. BMT rezolyutsiyasini kim ijro etadi? BMTning Livandagi tinchlikparvar kuchlarini kuchaytiramizmi yoki Livan armiyasini? Yoki Isroilga keti yo’q urushni davom ettirishiga ruxsat beramizmi?”, - deydi Vashingtonda joylashgan “Atlantika kengashi” siyosiy-tahlil markazidan Ahmad Fuad al-Xatib.
Isroildan so’ng Blinken Saudiya Arabistoniga jo’nab ketdi, Iordaniya va Qatarda ham bo’lishi kutilmoqda.
Isroil Livanda beshinchi yirik shahar, YUNESKO Jahon merosi obyektlarini o’z ichiga olgan Tayr port shahrini ham bombardimon qilishga kirishdi. Hujumdan oldin aholiga evakuatsiya qilish buyurilgan.
Chorshanba kuni Bayrutga borgan Germaniya Tashqi ishlar vazirasi Annalena Berbok Livan parlamentining spikeri Nabih Berri bilan uchrashdi. “Hizbulloh” bilan yaqin aloqada bo’lgan bu siyosatchi mojaroga yakun yasash uchun diplomatik faoliyat olib bormoqda.
"Livan xalqiga gapimiz shuki, sizni yolg’iz tashlab qo’ymaymiz. Ushbu mojaroni yolg’iz harbiy yo’l bilan hal qilib bo’lmasligi ayon. Hayotiy diplomatik yechim topish ustida ishlayapmiz. Yechim Isroil va Livan xavfsizligini ta’minlashdan iborat bo’lishi kerak”, - dedi Berbok.