O’zbekiston chegaraviy ziddiyatlardan voz kechmoqdami?

Your browser doesn’t support HTML5

Chegara ziddiyatlari Markaziy Osiyodagi eng xavfli masalaga aylanishi mumkin. So’nggi vaziyat mintaqa davlatlari bu borada qurolli to’qnashuvga, urushga ham tayyorligini ko’rsatdi.

Agar Islom Karimov davriga nazar tashlansa, O’zbekiston chegara masalasida eng shafqatsiz, zo’ravon tizim joriy etgan davlatlardan biri bo’lgani ko‘rinadi. Ammo mamlakatda hokimiyat almashishi ortidan bu tizimdan voz kechildi, amaldagi hukumat chegara masalasida siyosiy, diplomatik muzokaralarga tayanmoqda.

O’zbekistonning bu tajribasi chegara mojarosiga tortilgan boshqa davlatlarga ham ko’chishi mumkinmi? Ziddiyatlar nega davom etmoqda?

Buni ham ko'ring Tojikiston va Qirgʻiziston orasidagi bahsli hududlar

Kuzatuvchilar mintaqada chegaraga oid vaziyat, demarkatsiya ishlari qiyin siljiyotgani, bahsli hududlar bo’yicha davomli tortishuvlar Markaziy Osiyoda ziddiyatlarni kuchaytiruvchi xavfli omil bo’lishini ta’kidlashmoqda.

Ayni paytda mintaqaning biror davlati chegara bahslariga doir bu xavfdan mutlaq xoli emas.

Ammo bu jarayon Qozog’iston, so’nggi yillarda O’zbekistonda ham nisbatan tinch kechayotgan bo’lsa, Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmanistonda chegara bahsi nafaqat hukumatlar, balki aholi o’rtasidagi ziddiyatlar, qurolli to’qnashuvlar, qurbonlar berilishiga ham sabab bo’lib qolmoqda.

O’zbekiston so’nggi paytlarda chegara masalasi zo’ravonliksiz, muzokara orqali hali etilishi lozimligini namoyon etayotgandek.

O’zbekistonning chegarani minalashtirish tajribasi, bu davrda o’zbek chegarachilari o’qidan va minalardan o’nlab fuqarolar halok bo’lgani yodga olinsa, chegaraga oid bahslarda siyosiy muzokaralar, diplomatik muloqotga tayanish o’ta muhimligi ko’zga tashlanadi.

Buni ham ko'ring Qirg'iziston-Tojikiston: Hududiy da'volar mansabdorlardan chiqadi, xalqdan emas


Chegara masalasi va nazoratida o’ta shafqatsiz, murosasiz siyosatdan voz kechib, siyosiy, diplomatik muzokaralarga tayanish yo’liga o’tgan O’zbekiston tajribasi muloqotning bu shakli mintaqa xalqlari tomonidan ham qo’llab-quvvatlanishini ko’rsatdi.

Bu tajriba Markaziy Osiyoda chegaraviy ziddiyatlar davom etayotgan, azaldan qo’shni bo’lib yashab kelgan xalqlar bir-birini toshbo’ron qilayotgan, chegara qo’shinlari odamlarni o’qqa tutishda davom etayotgan bir manzarada yanada muhim.

Xususan, oy boshida Qirg’iziston va Tojikiston o’rtasida yuz bergan chegaradagi to’qnashuvlar, to’qnashuvning otishmaga aylanishi, o’ndan oshiq odam jarohatlanishi jiddiy xavotirlarga sabab bo’ldi.

Ziddiyatga oid vaziyatni o’rgangan “Amerika Ovozi” muxbirlari har ikki davlatda ham jamoatchilik chegara tortishuvlaridan charchagani, doimiy ziddiyatlar oddiy aholi ruhiyatiga jiddiy ta’sir o’tkazayotganini ham qayd etishmoqda.

May oyi boshida sodir bo’lgan va o’ndan oshiq odam jiddiy jarohatlangan bu ziddiyat Qirg’iziston va Tojikiston o’rtasidagi navbatdagi to’qnashuvdir.

Mart oyida ham Tojikistonning Isfara va Qirg’izistonning Botken tumanlari aholisi o’rtasida chegaradagi bahsli hudud vajidan yuz bergan to’qnashuvda ikki nafar tojikistonlik halok bo’lgan, 20 dan ortiq kishi turli darajada jarohatlangan edi.