Sudya Joxar Sarnayevni o'limga hukm qildi

  • Amerika Ovozi

Suddagi jarayonni tasvirlovchi chizgi

2013-yilgi Boston portlashlarida aybdor deb topilgan Johar Sarnayev o’lim jazosiga hukm qilindi. U hukm o’qilishi oldidan qilgan ishlari uchun kechirim so’radi.

21 yoshli chechen muhojir Bostondagi federal sud binosida akasi Tamerlan bilan 2013-yil 15-aprel kuni marafon finish chizig’iga yaqin joyda ikkita bomba portlatganini tan oldi. Fojeada uch odam o’lgan, 264 kishi jarohatlangan. 17 kishi majruh bo’lib qolgan edi.

“Men sabab bo’lgan o’limlar uchun, men keltirgan qiyinchiliklar va tuzatib bo’lmas zararlar uchun kechirim so’rayman”, - dedi Sarnayev hibsga olingandan beri jamoatchilik oldida bergan ilk bayonotida.

Ammo sudya Jorj Otule mahkumga hech qanday shafqat ko’rsatmadi va unga o’lim jazosini belgiladi.

“Sening portlashlardan oldin kim bo’lganingni hech kim eslamaydi. Sen haqingda eslashadigan narsa shuki, sen odamlarni o’ldirding, majruh qilding va buni qasddan qilding”, - dedi sudya.

O’tgan oy hakamlar hay’ati Sarnayevni unga qarshi keltirilgan barcha 30 ta ayblov bo’yicha aybdor topib, o’lim jazosi berilsin, deb ovoz bergan edi. Ayblovlarning 17 tasi oliy hukmga loyiq jinoyatlar hisoblangan.

Joharning advokatlari uning akasi ta’siri ostida bo’lganini aytib, o’lim jazosi berilmasligini so’ragan edi.

Mahkum endi o’lim jazosi ijro etilguncha Indianadagi federal qamoqxonada saqlanadi. Advokatlar hukm ustidan shikoyat qilishlari bois uni ijro etish bir necha yilga cho’zilishi mumkin.