Britaniya Yevropa Ittifoqini tark etadi

  • Amerika Ovozi

Yevropa Ittifoqida qolish tarafdorlari

Tarixiy ahamiyatga ega referendumda Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqish uchun ovoz berdi.

"Chiqish"ni tanlaganlar - 52 foiz, ittifoq tarkibida qolish tarafdorlari - 48 foiz. Ushbu natija birinchi bo'lib ochiladigan Osiyo birjalarida qimmatli qog'ozlar narxini keskin tushirib yubordi.

Saylovchilar referendumda faol qatnashdi: ovoz berish huquqiga ega britaniyaliklarning qariyb 72 foizi saylov uchastkalariga chiqdi. So'nggi 16 yil ichida muhojirlar soni ikki baravar ko'paygan mamlakat immigratsiya va suverenitet masalalarida fikr bildirishga shoshildi.

Saylovchilar hozirgi hukumat va u olib borayotgan siyosatga qarshi ovoz bergan ko'rinadi. Shuningdek, britaniyaliklar Yevropa Ittifoqi ular ustidan katta nazoratga egadek sezadi.

"23-iyul tariximizda Mustaqillik kuni bo'lib qoladi", - dedi Yevropa Ittifoqiga qarshi kampaniya olib borgan Qirollik Mustaqillik partiyasi rahbari Nayjel Faraj. U keskin immigratsion siyosat tarafdori. Bu saylov "haqiqiy odamlar, oddiy odamlar, ezgu niyatdagi odamlar uchun g'alaba", dedi u.

Yevropa Ittifoqida qolishni qo'llab-quvvatlagan Bosh vazir Deyvid Kameron iste'fo berishini ta'kidlamoqda. Uning o'rnini "Chiqish" tarafdori, Londonning sobiq meri Boris Jonson egallashi mumkin.

Yevropa Ittifoqini tark etish Britaniya uchun yangi davr boshlanganini anglatadi. Bu beqarorlik davri bo'lishi mumkin. Davlat kontinental Yevropa bilan savdo aloqalarini yangidan boshlashi kerak. 28 davlat a'zo blokdan ajralish oson bo'lmaydi. Britaniya Yevropa Iqtisodiy Jamoasiga qo'shilganiga 40 yildan oshgan.

Britaniya Moliya vazirligi hisobiga ko'ra, Yevropa Ittifoqidan chiqish o'rta oila uchun 6000 dollarga tushadi.

Referendumdan keyin amal qila boshlaydigan immigratsion cheklovlar minglab ish joylarining Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlariga ko'chishiga olib kelishi mumkin.