Qoradori savdosiga qarshi mintaqaviy hamkorlik, hozircha asosan qog'ozda

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston afyun va geroin manbai bo'lib qolmoqda, Markaziy Osiyo esa qoradori savdosi yo'li

AQSh Davlat kotibining Qoradori savdosiga qarshi kurash bo'yicha muovini Vilyam Braunfild 30 iyun kuni Dushanbeda Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va boshqa rasmiylar bilan uchrashgan.

Maqsad, deydi diplomat, Tojikistonga chegara xavfsizligi, giyohvand moddalar olib o'tilishining oldini olish va terrorizmga qarshi choralarni kuchaytirishda yordamni oshirish.

Amerika Tojikiston-Afg'oniston chegarasini mahkamlashda texnik ko'mak ko'rsatib keladi.

Vilyam Braunfild, AQSh Davlat kotibining Qoradori savdosiga qarshi kurash bo'yicha muovini


Ayni damda Rossiyada muzokaralar olib borayotgan Braunfild qoradori savdosiga qarshi regional loyiha xususida gaplashmoqda. Unga mintaqa davlatlaridan tashqari Rossiya, AQSh, Afg'oniston va BMT hissa qo'shishi kutilmoqda.

O'tgan kunlar ichida AQSh diplomati bu masalani Qirg'izistonda ham muhokama qilgan.

Afg'oniston narkotiklar manbai ekan, asosiy e'tibor u yerda, deydi Braunfild. Afyun va geroin ishlab chiqarish hajmi bir oz kamaygan, xususan Hilmand va Qandahor viloyatlarida. Lekin mamlakat hamon bu borada dunyoda birinchi o'rinda.

BMT Qoradoriga qarshi kurash idorasi regional hamkorlikni oshirish kerak deb keladi va buning uchun maxsus loyiha tuzgan. Amerika mana shu dasturni targ'ib qilmoqda.