Sekvestrdan ayniqsa keksalar aziyat chekadi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQShda moliyaviy qisqartirishlar/US budget cuts impact

AQSh o’z byudjetidan milliardlab dollar xarajatni qisqartirar ekan, kelasi bir necha oy ichida minglab odam ishidan ayriladi, maoshlar kamayadi va ijtimoiy dasturlar kesiladi.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh: Sekvestrdan ayniqsa keksalar aziyat chekadi/Shohruh Hamro


Sekvestr deya atalmish bu qarordan ayniqsa kam daromadli keksalar aziyat chekadi.

“G’ildirakli Taomlar” nomli tashkilot xodimlari asosan ko’ngillilar. Uydan chiqa olmaydigan qariyalarga har kuni ikki marta issiq ovqat yetkazib berishadi.

Ko’ngillilarning o’zlari ham keksa yoshdagi odamlar. Xizmatlari uchun, qolaversa benzin uchun pul olishmaydi.

Joan Debrul bu programmada anchadan beri qatnashayotgan mijozlardan biri.

“G’ildirakli Taomlar” bo’lmasa juda qiyin. Tizzam og’riydi, ovqat pishirish uchun uzoq payt tikka turish kerak. Shu dastur bor ekanki, o’z uyimda yashayapman”, - deydi onaxon.

Ketrin Yovell ham mijozlardan biri:

“Ko’ngillilar ham, tashkilot rahbarlari ham bizga juda mehribon. Bayramlarda hatto maxsus taomlar, sovg’alar qilishadi”.

“G’ildirakli Taomlar” butun Amerika bo’ylab faoliyat yuritadi. Hukumatdan moliyaviy yordam oladigan xususiy tashkilot bu. Uning rahbari Elli Xollanderning aytishicha:

“Programmalarimiz federal hukumat beradigan moliyaga tayanadi. Hozir boshqalar qatorida bizdan ham byudjetni besh foizga kamaytirishni so’rashyapti. Bu jami 41 million dollar degani. Muhtojlarga ta’siri katta bo’lishi shubhasiz”.

Mamlakat miqyosida 19 million kishiga ovqat yetkazish bekor qilinadi. Ular orasida uyda mixlanib qolgan keksalar ko’pchilik.

“Biz ta’minaydigan yegulik to’yimli bo’lishidan tashqari, qariyalar uchun tashqi dunyo bilan aloqa hamdir. Bordi-keldi, xabar olish, dildan suhbat degandek. Ular mustaqil hayot kechirishi uchun ahamiyati katta buning”, - deydi Xollander.

Prezident Obamaning aytishicha, Kongress qisqartirishlar haqidagi qonunni bekor qilishi kerak, chunki jamiyatning eng zaif qatlami aziyat chekadi. Muxolifatga ko’ra esa ayb prezidentning o’zida.

Joan Debrul bizga o’xshaganlar Kongress oldida ojiz, deydi.

“Ularning ra’yiga qarab qolgandekmiz. Yuqorida o’tirganlar bizni qayerdan tushunsin. Maosh olib o’tirishibdi”.

“G’ildirakli Taomlar” oshxonasida esa ish qaynaydi. Barchaning umidi shuki, prezident va Kongress birgalashib, kamomadni kamaytirishning boshqa bir yo’lini topishar.