Breaking News

BMT: Aholi keksayishiga oldindan tayyorlaning


Yaponiya
Yaponiya
Qarigan sari odam harakatlanishi sekinlashadi. Bu hammamizga yaxshi ma’lum. Dunyo bo’ylab keksalar soni oshib borar ekan, ularni tibbiy va ijtimoiy yordam xizmatlari bilan ta’minlash dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Xo’sh, dunyo ahli keksalar hayotini osonlashtirish uchun nimalar qilishi kerak? Birlashgan Millatlar Tahskilotining yangi hisoboti aynan shu mavzuda.

Yaponiya qariyalar eng ko’p mamlakat. Aholining 30 foizi keksalar. Bu dunyodagi eng katta ko’rsatkich. BMTning yangi hisobotiga ko’ra, asr o’rtalariga borib dunyoning 64 mamlakatida keksalar soni Yaponiyadagi darajaga yetadi.

BMTning Aholi va taraqqiyot bo’limi rahbari Xose Migel Guzman uzoq umr insoniyatning eng katta yutuqlaridan, deydi. Bunga hissa qo’shuvchi omillar sifatli ovqatlanish, sanitariya sharoitlarining yaxshilanishi, tibbiyot sohasidagi yutuqlar, sog’liqni saqlash xizmatlarining takkomillashishi hamda ta’lim va iqtisodiy imkoniyatlarning kengayishidir.
Biroq uzoq umr ko’rishning muammolari ham mavjud, deydi BMT hisoboti muallifi Guzman.

“Aholi qarisa, ularni nafaqa va tibbiy xizmatlar bilan ta’minlash lozim. Bu esa ijtimoiy-iqtisodiy muammo. Uni hal etish uchun jiddiy siyosiy qarorlar va ijtimoiy siyosat zarur”, - deydi tadqiqotchi.

Hisobotda qayd etilishicha, dunyoning barcha mintaqalarida keksalar soni ko’paymoqda. Rivojlanayotgan mamlakatlarda jarayon tezroq kechyapti. Bu o’lkalarda hozir o’rtacha umr 68 yilni tashkil etsa, 2050-yilga borib bu 74 yoshga yetishi kutilmoqda. Rivojlangan mamlakatlar fuqarolari esa o’rtacha 78 yil hayot kechiradi. Bugun tug’ilgan chaqaloq, taxminan, 83 yil yashaydi.

BMT hisobotini tayyorlashda “HelpAge International” tashkiloti ham qatnashgan. Tashkilot rahbari Richard Bluitning aytishicha, ko’plab mamlakatlarda qariyalar iqtisodiyot uchun foydali kuch sifatida ko’rilmaydi.

“Hukumatlar keksa fuqarolarning umidlarini oqlamayapti. Vaholanki, shunga intilish lozim. Uzoq kelajakni ko’zlab, kuchli siyosiy iroda ko’rsatish va masalaga ustuvor vazifa sifatida qarash lozim”, - deydi Bluit.

Tadqiqotchiga ko’ra, BMT hisoboti uchun so’rovda qatnashgan keksalarning 67 foizi ish topishda diskriminatsiyaga uchraganini aytgan. Ayrim mamlakatlar qariyalarga nisbatan bunday salbiy munosabatni o’zgartirish niyatida.

Janubiy Afrika hukumati keksa fuqarolar uchun ijtimoiy nafaqalar dasturini taklif etmoqda. Braziliyada keksalar huquqlarini himoya qiluvchi qonun qabul qilindi.

AQSh Aholishunoslik byurosi rahbari Marta Farnsvort Rich Avstraliyani o’rnak qilib keltiradi. U yerda rasmiylar mahalliy transport timizi haqida keksalar fikrini o’rganib, kerakli o’zgartirishlar kiritdi, deydi u.

“So’rovda qatnashganlarning aksariyati keksa bo’lgani uchun shu narsa aniqlandi: Ular yo’lni kesib o’tish uchun ko’proq vaqt sarflashadi. Demak, svetoforning yashil chirog’i ko’proq yonib turishi kerak”, - deydi AQSh Aholishunoslik byurosi rasmiysi.

Bundan jiddiyroq islohotlarga kelsak, rivojlangan mamlakatlarda aholi keksayayotganini inobatga oluvchi ijtimoiy nafaqa tizimi barpo etilishi lozim, deydi hisobot mualliflari. Rivojlanayotgan mamlakatlarda esa oilalardagi an’anaviy yordam institutlari zaiflashayotgani bois ijtimoiy muhofazani kuchaytirish kerak. Eng muhimi va insonparvarlik jihatidan birlamchi masala esa qariyalar salomatligi uchun mablag’ ajratishdir.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG