Ofat vaqt tanlamaydi, Kaliforniyada buni yaxshi tushunishadi

  • Amerika Ovozi

Tinch okeani bo'yidagi San-Fransisko, Kaliforniya shtati

O’tgan ikki yil ichida turli davlatlarni qaqshatgan zilzila va toshqinlardan saboq shuki, insoniyat bunday ofatlarga tayyor turishi kerak.

Amerikaning yirik shtatlaridan biri – Kaliforniya seysmoaktiv hududda joylashgan. Falokat ertami-kechmi, bir kuni eshik qoqadi, deydi olimlar.

Kaliforniya maktablarida vaqti-vaqti bilan ana shunday manzaraga guvoh bo’lasiz. Tabiiy ofatga tayyorgarlik…

Hududda kuchli yer silkinishi so’nggi bor 1994-yilda, Los-Anjeles atrofida qayd etilgan. Qariyb 60 odam halok bo’lgan edi.

Ekspertlar deydiki, kelasi yillarda Kaliforniyani yana kuchli zilzila urish ehtimoli bor. Los-Anjelesning San-Andreas rayoni aktiv zonada joylashgan. Ofat minglab odamning hayotiga zomin bo’lishi mumkin.

Shtatning shimoliy hududlari ham bexatar emas. San-Fransiskoni yer bilan yakson qilgan 1906 yilgi zilzila bunga misol.

AQSh Qizil Xoch jamiyati ehtiyot choralarini ko’rib qo’yishni maslahat beradi. Zarur anjomlar bilan to’ldirilgan xaltachalar har bir xonadonda bo’lgani yaxshi, deydi tashkilot vakillari.

"Yordam kelgunga qadar, vayrona ichida ikki-uch kun qolib ketish haqida bir o’ylang. Har bir oila uch kunga yetadigan yegulik, suv va jihozlarni g’amlab qo’yishi lozim. Bir haftalik bo’lsa, undanam yaxshi",- deydi Liza Klink, jamiyat vakili.

Ayrim kaliforniyaliklar bu maslahatga so’zsiz amal qiladi.

"Uyimning bir burchagida suv, oziq-ovqat to’plab qo’yganman. Har ehtimolga qarshi. Itlarim bor, ularni ham o’ylayman-da",- deydi o'zini Nikol deb tanishtirgan bir ayol.

Kaliforniya dalalarida

Serquyosh Kaliforniyada turli millat vakillari yashaydi, immigrantlar ko’p. Xavf-xatar haqida hammani birdek ogoh qilish oson emas.

Okeanlar bilan o’ralgan mamlakatda tabiiy ofatlar tez-tez kuzatiladi. Qaysi shtatda yashashingizga qarab, yong’in, to’fon va toshqinlar bilan kurashishga to’g’ri keladi.

Berri Goldenberg hammasini boshdan kechirgan.

"Tayyor bo’lsangiz, qo’rqishga hojat yo’q. Boshqalarga ham maslahatim shu. Ofatlarni ko’raverib o’rganib ketganman",- deydi u.

Los Anjeles

Kaliforniya qurilish me’yorlari bo’yicha dunyo miqyosida yetakchi o’rinni egallaydi. Biroq mahalliy rasmiylarning xavotiri shuki, maktablar qanchalik mustahkam bo’lmasin, 100 foiz kafolat yo’q. Bolalar xavfsizligini ta’minlashga katta ahamiyat qaratiladi.

"Zilzila paytida sizga tezda yordam ko’rsata oladigan odamlar bu o’zingiz va qo’ni-qo’shni. O’t o’chiruvchilar ham yetib keladi albatta, ammo zudlik bilan emas",- deydi Mark Bentin, Janubiy Kaliforniya zilzila markazi rasmiysi.

AQSh Qizil Xoch jamiyati va o’t o’chirish xizmatlari tashkilotlarga treyning kurslari taklif etadi. Maqsad, xatar kelganda favqulodda reja nimadan iborat ekanini hamma bilsin.

Seysmolog olimlar Kaliforniyani zilzila urishi shubhasiz, deydi. Qachon, bunisi noma’lum. Ammo tayyor turgan ma’qul.