Bugun mahalliy vaqt bilan 13:51 da poytaxt Vashington va mamlakatning sharqiy shtatlarida yer qimirladi.
AQSh Geologiya agentligi berayotgan ma'lumotlarga ko'ra, zilzila markazi Richmond, Virginiya poytaxti va Sharlotsvill shahri orasida. Vashingtondan qariyb 140 kilometr janubda.
Yer silkinishi Massachusetts shtati, ayni damda prezident Barak Obama dam olayotgan hududda ham sezilgan, shuningdek, Pensilvaniya va Jorjiyada.
Atlantika okeani sohili bo'ylab Shimoliy Karolina va Massachusetts orasida Virginiyadan tashqari Kolumbiya okrugi (Vashington shahri), Merilend, Delaver, Nyu-Jersi, Nyu-York, Konnektikut va Roud-Ayland bor.
Poytaxtda zilzila ro'y bergan zahotiyoq barcha federal komplekslar, jumladan Kapitoliy (Kongress binosi), Pentagon (AQSh Mudofaa vazirligi binosi) va "Amerika Ovozi" ham evakuatsiya qilindi.
Hozircha biror jiddiy zarar ko'zga tashlanmaydi. Hech kim jarohat olmagan.
Ish kuni erta tugadi, ammo jamoat transportlari faoliyati to'xtagani yo'q.
Virjiniya shtatidagi ikki atom reaktori avtomatik ravishda o'chgan. Xavfsizlik choralari joyida, deydi rasmiylar.
Zilzilani boshdan kechirgan odamlar esa hamon vahimada ekanini aytadi.
"Kim ham o'ylabdi Vashingtonda bunday narsani", - deydi bir amerikalik. "Bu yerlar seysmik jihatdan xavfli ekanini bilmagan edik".
AQSh Geologiya agentligining ogohlantirishicha, zilzilani oldindan aytish, uning aniq vaqtini bashorat qilish mumkin emas. Bugun zilzila ketidan yer yana bir necha marta silkingan.
Mamlakat sharqida oxirgi marta eng kuchli zilzila 1886 yilda Janubiy Karolina shtatining Charlzton shahrida yuz bergan, 7,3 balda.
22 avgust kuni mahalliy vaqt bilan 23:46 da Kolorado shtatida ham 5,3 balda yer qimirlagan edi. Amerika g'arbida yengil silkinishlar tez tez kuzatiladi. Kechagisi Koloradoda yaqin o'tmishda yuz bergan eng kuchlisi, deydi olimlar.
"Suv toshqinlari, to'fon va dovullarga o'rganib ketganmiz, ruhan tayyormiz ularga. Lekin zilzila degan narsa umuman boshqacha bo'lar ekan. Hayot o'sha damlarda qanchalik shirin tuyulganini bilsangiz edi", - deydi yana bir guvoh.
Yozning bu paytida ishxonalar u qadar gavjum emas, ko'pchilik ta'tilda, lekin poytaxt hamisha sayyohlarga to'la.
Qayerga qaramang, odamlar telefonda bugungi ko'rgulikni tasvirlab berayotganini ko'rasiz.
Ishdan uyga erta qaytgan amerikaliklar xonadonida narsalar qulab tushgani, idish-tovoqlar singani, devorlar darz ketganini aytmoqda.