Amerika Kamerunga harbiy yordam jo'natdi

  • Amerika Ovozi

Kmaerunlik askar Nigeriya chegarasida

Qo'shma Shtatlar Kamerun hukumatiga "Boko Haram" guruhi bilan olishish uchun harbiy yordam jo'natdi.

Vashington shu tariqa Markaziy Afrikadagi davlatlarni jangarilarga qarshi kurashda qo'llab-quvvatlamoqda. Nigeriyada asoslangan jangari guruh bugun butun mintaqaning tinchini buzayapti.

AQShning Kamerundagi elchisi Maykl Hozaning aytishicha, harbiy madad bugun yetib kela boshlagan. Kamerun xavfsizlik xizmatiga harbiy maslahatchilar ham yordam berayapti, deydi u.

Olti yil oldin Nigeriyada bosh ko'targan "Boko Haram" bugun qo'shni Chad, Niger, Kamerunga kirib borayapti. Amerikaning yordami Kamerun xavfsizlik xizmatining ruhini ko'tardi, deydi Afrikadagi bu mamlakat rasmiylari.

"Boko Haram" hafta boshida chiqargan videosida Nigeriyada mart oxiriga rejalangan saylovlarni izdan chiqarishini aytib po'pisa qilgan.

Kamerun, Chad va Niger koalitsiyaga birlashib, "Boko Haram"ni Nigeriya chegarasida siquvga olayapti. Mintaqaviy harbiy rahbarlar kelasi hafta Chadda uchrashib, qo'shimcha 8700 kishilik tezkor qo'shinni jo'natish rejasini bir yoqli qilmoqchi.

Jangarilar oxirgi yillarda minglarni o'ldirdi, yuz minglab odamlarni uyini tashlab qochishga majbur qildi. Masjid, cherkovlar, uylarni yoqib, qizlar va ayollarni garovga oldi.