Tbilisidagi namoyish qonli tus oldi
Mana besh kundirki hukumatga qarshi chiqishlar kuzatilayotgan Gruziyada payshanba mustaqillik kuni ham politsiya odamlar bilan to’qnashgan.
Ikki kishi o’lib, qariyb 40 nafari jarohatlangan.
Hukumat odamlarga tarqaling deya ogohlantirish bergan, biroq namoyishlar tinmagach, politsiya suv, to’qmoq, ko’zni yoshlantiruvchi gaz qo’llamoqda.
Shanba boshlangan chiqishlar tinch o’tib kelayotgan edi.
Payshanba kungi voqealar ketidan huquq faollari hukumatni kuch qo’llaganlikda ayblab, tanqid qiladi. Lekin kuzatuvchilarning aytsihicha, namoyishchilar atayin urush chiqarishga harakat qilgan.
Muxolifat yetakchisi Nino Burjanadze huquq-tartibot idoralari harakatini qoralagan.
Oppozitsiya da’vosi shuki, prezident Mixail Saakashvili demokratik islohotlar haqidagi va’dalarini unutib, avtoritar rahbarga aylanib bormoqda.
Saakashvili esa to’polonni Rossiya uyushtirgan, deb hisoblaydi.
Armanistonda amnistiya
Armaniston parlamenti qariyb 400 mahbusni, jumladan, siyosiy faollarni amnistiya qilishga doir hujjatni ma’qulladi. Bu qaror mustaqillikning 20 yilligi sharafiga qabul qilingan.
Prezident Serj Sarkisyan shu tariqa raqiblari aybidan kechayotganday.
2008 yilgi saylovda Sarkisyan g’olib deb e’lon qilingach, faollar bosh ko’targan, voqea 10 kishini hayotdan olib ketgan edi.
Huquq himoyachilar va muxolifat nazarida Sarkisyan raqiblarining iziga tushib, soxta ayblovlar bilan sud qilgan. Huquq-tartibot organlari odamlarni ayovsiz kaltaklagani haqidagi da’volar izchil tekshirilmagan, deydi ular.
Kavkaz Amirligi - terrorchi guruh
Qo’shma Shtatlar Shimoliy Kavkazda asoslangan guruhni terrorchi tashkilotlar ro’yxatiga qo’shgan.
Davlat departamentining bildirishicha, o’zini Imarat Kavkaz, ya’ni Kavkaz Amirligi deya tanitgan guruh portlash, otishma va suiqasd xurujlari orqali Rossiyani regiondan haydab chiqarishga bel bog’lagan.
Bu tashkilot shu yilning yanvarida “Domodedovo” aeroportida 36 kishini hayotdan olib ketgan terror aktini o’z bo’yniga olgan.
Davlat departamenti Kavkaz Amirligi yetakchisi Doku Umarov qayerda ekani haqida axborot uzatgan shaxsga 5 million dollar mukofot va’da qilmoqda.