Qirg'izistonda qiynoqlar, O'zbekistonda chiqish vizasi haqida yosh mutaxassislar fikri

Jorj Vashington universiteti dasturi ishtirokchilari o’zbekistonlik Yevgeniya Pak va qirg’izistonlik Sardor Bagishbekov besh oylik tadqiqotdan keyin endi vatanga qaytadi.

Markaziy osiyolik ikki yosh mutaxassis yarim yil Amerikada bo’lib, tahlil va tadqiqot sirlarini o’rgandi, ilm va siyosat ahli bilan tanishdi. Jorj Vashington universiteti dasturi (George Washington University, Central Asia Program, Stockholm International Peace Research Institute) ishtirokchilari o’zbekistonlik Yevgeniya Pak va qirg’izistonlik Sardor Bagishbekov endi vatanga qaytadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Qirg'izistonda qiynoqlar, O'zbekistonda chiqish vizasi haqida yosh mutaxassislar fikri/Nasiba Tohir


Sardor Bagishbekov Qirg’izistonda qiynoqlarga qarshi kurashga ixtisoslashgan “Erkinlik ovozi” (Голос Свободы) nodavlat tashkilotini boshqaradi. Yosh bo’lishiga qaramay ham o’z yurti, ham xalqaro sahnada salobati va hurmati bor. Yurist va huquq himoyachisi degan nishonni faxr bilan taqib yuradi. Qiynoqlarga qarshi kurash, asossiz qamashlar, ozchilik elatlar, xususan, o’zbeklarga zug’um hollari haqida gapiradi.

O’zbekistonlik Yevgeniya Pak Toshkentdagi Vestminster universiteti (Westminster University) bitiruvchisi va mahalliy firmada advokat. U ilmiy izlanishi uchun O’zbekistonda chetl elga chiqish vizasi (OVIR) va fuqaro erkinligi mavzusini tanladi. Bunday maxsus ruxsatnoma talab qilish inson huquqlariga zid amaliyot, deydi u.

Jorj Vashington universitetida Markaziy Osiyo dasturini yurituvchilar deydiki, maqsad – mintaqa yoshlarining tahlil, bahs va izlanish salohiyatini charxlash. Ularga besh oylik ilmiy, amaliy imkoniyat yaratish va Amerika ilm-fan, siyosat doiralari bilan bog’lash.

Sardor Bagishbekov Qirg’izistonda qamoqxonalarga muntazam ravishda boradi, militsiya va sudlar ishini tekshiradi. Qiynoqlar qo’llangan hollarni aniqlab, buni sudlarda ko’tarib chiqadi.

“Qirg’iziston adliya tizimida korrupsiya chuqur ildiz otib, militsiya va xavfsizlik xizmati jazolovchi mexanizmga aylanib qolgan”, - deydi u.

“Jinoiy ishlarning 98 foizida ayblov tasdiqlanadi. Odamlar aybiga iqror bo’lishi uchun ularni azoblash asosiy usul bo’lib qolgan. Militsionerlar yopilgan “delo”lar soniga qarab maqtov va kasbiy siylov oladi. Bu esa qiynoqlar keng tarqalishiga yetaklaydi. 87 foiz hollarda mahbusga aynan militsiyada azob berilgan”, - deydi Bagishbekov.

Hibsxonalarda do’pposlash, tepkilash, tok bilan qiynash, boshga sellofan paketlar kiydirish, jinsiy tajovuzlar, hojatga chiqarmaslik kabi usullar qo’llanadi.

Sardor Bagishbekovning aytishicha, 2010-yilning yozgi voqealaridan keyin qiynoqlardan ayniqsa ozchilik elatlar, o’zbeklar jabr tortib keladi. “Odam savdosi va qoradori iste’molida ushlangan fuqarolar ham militsiyadan eng ko’p tepki yeydi”, - deydi huquq himoyachisi.

Muammo shundaki, militsiya yoki xavfsizlik xizmati ustidan prokuraturaga tushgan shikoyatlar ko’pincha javobsiz qoladi. Arizalarning 10 foizi ko’rib chiqiladi, xolos.

“O’zbek jurnalisti Azimjon Asqarov ishi bunga yaqqol misol. O’sh va Jalol-Oboddagi yozgi xunrezlik ketidan elatlararo nafratni targ’ib qilganlik aybi bilan ushlangan Asqarov bugun dunyoda umrbod qamoq jazosini o’tayotgan yagona jurnalist. Bosh prokuratura, sud va oliy sud unga azob berilayotgani haqidagi shikoyatlarni mutlaqo pisand qilmadi. Xalqaro tashkilotlarning qayta-qayta murojaatlari e’tiborsiz qoldi”, - deydi Bagishbekov.

Uningcha, qiynoqlardek illatdan qutulish uchun rasmiy Bishkek tashabbus ko’rsatishi gumon. Chunki amaldagi rahbarlar xavfsizligini ta’minlab turgan – mana shu militsiya. Shu bois fuqaro jamiyati, mahalliy nodavlat tashkilotlar va faollar aralashishi zarur, deb hisoblaydi Sardor Bagishbekov, va bunda xalqaro donorlarning, AQShning qo’llab-quvvatlovi g’oyat muhim.

Qirg’izistonlik huquq himoyachisi va o’zbekistonlik yosh advokat Yevgeniya Pakning ilmiy ishi chambarchas bog’liq. Har ikkisi fundamental inson huquqlari va bu huquqlar hukumat organlari tomonidan oyog’osti qilinishi haqiqatdir.

O’zbekistonda fuqarolar xorijga chiqish uchun hukumatdan muhr olishi kerak. “OVIR 1995-yilda joriy qilinib, dastlab maqsad muxolifatni, ayniqsa, islomiy oppozitsiyani qo’porish, davlat xavfsizligi va yaxlitligini ta’minlash bo’lgan”, - deydi Pak.

1990-yillar o’rtalarida muxolifat vakillari O’zbekistondan qochayotgan, xorijdagi kuchlar bilan aloqa o’rnatayotgan damlar bo’lgan, deydi mutaxassis. Oppozitsiya mamlakatga bemalol kirib-chiqishining oldini olish uchun hukumat OVIR rejimini o’rnatadi. Ushbu sistema jurnalistlar va faollarning qatnovini nazorat qilish uchun ham qo’l keldi.

“OVIR yordamida hukumat odam savdosiga qarshi kurashmoqchi ekanini bildirdi. Sovet ittifoqi qulaganidan keyin O’zbekiston zamonaviy qullikdan eng ko’p jabr ko’rgan davlatlardan biriga aylandi. Ayollar Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Rossiya va boshqa davlatlarda jinsiy savdo qurboni bo’ldi”, - deydi Yevgeniya Pak.

Uning tahlil qilishicha, chiqish vizasi oxir-oqibat odam savdosiga qarshi kurash vositasi emas, ayollarni kontrol qilish va ularni izza qilish vositasiga aylangan. Chunki, masalan, 35 yoshgacha bo’lgan xotin-qizlar mamlakatdan chiqmoqchi bo’lsa, erkak qarindoshidan yozma ruxsat olib kelishi shart. Vaholanki, bu hech yerda rasman e’lon qilinmagan, qayd etilmagan deya eslatadi u.

Pakning izohicha, dastlab muayyan guruhlar qatnovini nazorat qilishga qaratilgan OVIR keyinchalik yoppasiga qo’llandi. Fuqaroning fundamental huquqi poymol qilindi. Holbuki, Konstitutsiyaning 28-moddasiga ko’ra, fuqaro O’zbekiston respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega.

Bundan tashqari, deydi u, viza rejimi zamonaviy qullikka qarshi foyda bergan-bermagani ham aniq emas. Buning uchun statistika va OVIRdan oldin va keyingi raqamlarni solishtirish imkoni yo’q. Pak buni aholining dunyoqarashi, diniy hadik bilan ham tushuntiradi, chunki odam savdosining asosiy qurboni bo’lmish ayollar rasmiy idoralarni boxabar qilishga or qiladi.

Yevgeniya Pak o’z ilmiy ishida dalillar, qo’shni davlatlarga chiqayotgan ishchi muhojirlar taqdiriga oid ma’lumotlar, tavsiyalar va raqamlar keltiriladi.

Bagishbekov va Pakning tahlili batafsil kelasi yil boshida e’lon qilinishi kutilmoqda. Bu tadqiqotni amerikaovozi.com da keyinroq albatta yoritamiz.