AQSh Markaziy Osiyoda qoradori savdosiga qarshi kurashadi

O'zbekiston xavfsizlik organi xodimlari katta miqdorda tutilgan qoradorini musodara qilmoqda

Avstriya poytaxti Venada o'tgan majlisda AQSh Davlat kotibining xalqaro miqyosda qoradoriga qarshi kurash bo'yicha muovini Vilyam Braunfild (William Brownfield) Markaziy Osiyodagi harakatlarni tushuntirib berdi.

Mintaqaga narkotik moddalar qo'shni Afg'onistondan olib kiriladi va Markaziy Osiyo orqali G'arbdagi qora bozorga yetkaziladi.

Azaliy bu muammoga qarshi kurash mintaqaviy birdamlik talab qiladi. Yangi tashabbus shundan iboratki, har bir davlatda maxsus tergov bo'limlari ochiladi. 20-25 xodimdan iborat bu guruhlar AQSh moliyaviy va texnik yordamida tayyorgarlikdan o'tadi.

Vilyam Braunfild (William Brownfield) AQSh Davlat kotibining xalqaro miqyosda qoradoriga qarshi kurash bo'yicha muovini

Bu bo'limlar tarkibi va faoliyatini har bir hukumatning o'zi belgilaydi, deydi Braunfild.

Ularning asosiy vazifasi - narkotik moddalar yetishtiradigan va tashiydigan tizimlarni aniqlash va yo'q qilish.

Bunday bo'limlar Afg'onistonda allaqachon ish boshlagan, deydi Braunfild. Ular Markaziy Osiyodagi yangi idoralar bilan hamkorlikka tayyor.

Davlat kotibi muovini deydiki, AQSh mintaqada qoradoriga qarshi kurashda nafaqat Afg'oniston va Markaziy Osiyo hukumatlari, balki Rossiya va Kollektiv Xavfsizlik Sharnomasi Tashkiloti va boshqa organlar bilan ishlashga tayyor. Hamma bir yoqadan bosh chiqarishi kerak, deydi Vilyam Braunfild.

Lekin ko'plab tahlilchilar nazarida Rossiya bu borada Vashington bilan hamkorlik qilishga ishtiyoqmand emas. Rasmiylar qoradoriga qarshi kurashuvchi organlar allaqachon mavjud ekanini eslatadi.

O’tgan yili Afg'onistonda ko'knori yetishtirish 7 foizga oshgan, afyun ishlab chiqarish esa 61 foizga.

BMT taxminicha, afg’on qoradori savdogarlari mahsulot eksportidan qariyb 2,4 milliard dollar daromad qilgan.