Rossiyada adolatli saylovlar talabi bilan o’tayotgan ommaviy norozilik namoyishlari Markaziy Osiyoda ham aks-sado berishi mumkin.
Arab bahoridan farqli o'laroq Rossiyadagi siyosiy jarayonlar millionlab ishchi immigrantlar guvohligida ro’y berayotgani mintaqa uchun bag'oyat muhimdir.
Rossiyada o'tgan yilning dekabr oyida, parlament saylovlaridan keyin boshlangan namoyishlar ko’p jihatdan Kremlga suyanib kelayotgan Markaziy Osiyo rahbarlarini xavotirga solib qo'ygan bo'lsa ajabmas.
O’zbekistonda Rossiyadagi norozilik namoyishlari sukut bilan qarshilansa-da, mamlakatning iqtisodiy tayanchlaridan bo’lgan mehnat muhojirlari jarayonni yaqindan kuzatib turibdi.
Vladimir Putinga qarshi o’tkazilgan mitingda ishtirok etgan o'zbekistonlik huquq himoyachisi Bahrom Hamroyev deydiki, Rossiya bo’ylab rivojlanib borayotgan siyosiy faollik mehnat muhojirlarini chetlab o’tmaydi.
Yana bir faol Abdurahmon Tashanov fikricha Rossiyadagi namoyishlar O’zbekistonda buzg’unchilik sifatida tariflansa-da, haqiqatda bu chiqishlar hukumatda jiddiy xavotir uyg’otgan.
"Chunki ular O’zbekiston hukumatining qo’li yetmaydigan bir masofada bu voqealarni kuzatayapti. Ongli ravishda xulosalar chiqarayapti. Keljakka ishonch, demokratik kayfiyat, uyg’onish kayfiyati mavjud”.
Abdurahmon Tashanov Rossiyadagi o’zgarishlar mehnat muhojirlari ustidan nazoratni kuchaytirishi mumkin degan fikrda.
“Hukumat bitta oliladan nechta kishi muhojirlikka ketganini aniqlab, hisoblab, tayyorgarligini ko’rib borayapti. Tashqarida hukumatga bo’ysinmaydigan katta kuch bor - zabardast, dunyo ko’rgan, fikrga chanqoq. Ularni mardikor deyishmiz mumkin, ma'lumoti past deyishimiz mumkin, lekin hayotiy nuqtai nazardan xalqning oldingi qismini belgilovchi kuch. Bu esa hukumatni xavotirga soladi”, - deydi Abdurahmon Tashanov.
4 fevral kuni Rossiya bo’ylab ommaviy chiqishlarda 200 mingga yaqin odam qatnashgani ma'lum.