Xalqaro sud Liberiya sobiq prezidenti Charlz Teylorni urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi zulmda aybdor deb topdi.
Gaaga tribunalining bildirishicha, Charlz Teylor Liberiya va qo’shni Syerra-Leoneni domiga tortgan urush paytida qotillik, jinsiy zo’rlash, qullik, bolalarni urushga tortish, odamlarni chavoqlash kabi jinoyatlarga hissa qo’shgan. 1991-2001-yillar oralig’ida ziddiyat taxminan 50 ming odamni hayotdan olib ketgan.
Prokuratura deydiki, Charlz Teylor Syerra-Leoneda fuqarolik urushini boshqarib, mahalliy isyonchi guruhlarga qurol, dori-darmon va moliya uzatib turgan hamda evaziga mamlakat sharqidan olmos, brilliantlarni qo’lga kiritgan.
Sud ishi davomida yuzdan ziyod odam, jumladan, sobiq prezident guvohlik ko’rsatmalari berdi.
64 yoshli Teylor Ikkinchi jahon urushidan beri xalqaro sud aybdor topgan ilk davlat rahbari.
Gaaga tribunal sudyasi Richard Lussikning aytishicha, Charlz Teylor ustidan hukm 30-may kuni o’qiladi. Liberiya sobiq rahbari aybdor emasman deya, ishni apellyatsiyaga yo’llash niyatida. Teylor da’vosicha, tergov g’animlarning fitnasi.
U 2003-yilning avgustida ishdan bo’shagan, 2006-yilda ushlanib, sudga topshirilgan edi.
Inson huquqlari bo’yicha Human Rights Watch tashkiloti nazarida bu ish yuqori lavozimlarni egallab, dahshatli jinoyatlar sodir etayotganlar uchun saboqdir. Hech bir qabih qilmish javobsiz qolmaydi, deydi faollar.