Ba'zi kuzatuvchilar nazarida Xitoy Shinjonda iqtisodiy taraqqiyot bahonasida mahalliy uyg'urlar turmushini izdan chiqarib, o'z qadriyatlarini singdirmoqchi, farovonlik yo'lida tarixidan, o'zligidan ayirmoqchi.
AQShning "Nyu-York Tayms" gazetasida yozilishicha, Xitoy hukumati g'arbdagi Shinjon viloyatini yuksaltirishga milliardlab dollar sarmoya qilmoqchi. Rasmiy Pekin uyg'urlar vatani bo'lmish mintaqani zamonaviylashtirib, infratuzilmasini rivojlantirib, yangi imoratlar solib, savdo markaziga aylantirmoqchi.
Xitoy istilosidan oldin qisqa vaqt Sharqiy Turkiston Respublikasi deya yuritilgan Shinjonda minorayu ko'hna imoratlar o'rnini so'nggi yillarda ko'p qavatli zamonaviy binolar egallagan, Qashg'arda qurilish ishlari avjida, deb yozadi gazeta.
Shinjonda aholi daromadi boshqa viloyatlarga qaraganda 30 foizga kam, suv tanqis, ish o'rinlari kam. Hukumat taraqqiyot ishlari uchun 30 milliard dollar ajratmoqda, 5 aeroport, trassalar, temir yo'l qurib, ta'lim tizimini kuchaytirmoqchi, deb yozadi "Nyu-York Tayms".
Ammo ba'zi kuzatuvchilar nazarida rasmiy Pekin dasturi asosan xitoylar hayotini yaxshilashga qaratilgan. Masalan, Qashg'arda to'rt million aholidan 91 foizi uyg'urlar bo'lib, aksariyati ma'lumotsiz. Bir necha yilda ko'plab xitoylar Shinjonga ko'chib, moddiy sharoiti ancha yaxshiroq bo'lgani uchun qurilayotgan uylarning asosiy xaridoriga aylanadi. Uyg'urlar hukumat ularni madaniyati va o'zligidan ayirayotganidan nolimoqda.
Ayniqsa Qashg'arning "eski shahar" deb nomlanuvchi rayonida ikki ming yillik tarixga ega obidalarning vayron etilib, zamonaviylashtirish jarayoni qurboniga aylangani uyg'urlar orasida afsus bilan tilga olinadi.
"Qashg'ar ham Xitoydagi boshqa shaharlarga o'xshab qolsa, uni tomosha qilgani qaysi xorijlik sayyoh keladi", deydi o'kinch bilan gazetaga ulardan biri.
Xitoy Shinjonni rivojlantiryapmiz desa, uyg'urlar madaniyatiga xurujdan shikoyat qilmoqda
Rasmiy Pekin mamlakat g'arbida infrastrukturani yaxshilash uchun 30 milliard dollar sarflamoqchi. Mahalliy uyg'urlar siyosat ularni siqib chiqarishga qaratilganini aytmoqda.