Your browser doesn’t support HTML5
Arzon ishchi kuchi va eksport hisobiga Xitoy AQShdan keyingi ikkinchi eng yirik iqtisodiyotga aylangan. Ammo bugun o’sish sur’ati pasayib bormoqda. Xitoy faqatgina ishlab chiqarish bilan cheklanib qolmasligi kerak, deydi rasmiylar.
Shanxay erkin savdo zonasi – o’ziga xos eksperiment. Moliyaviy-iqtisodiy islohotlar bu yerda sinab ko’riladi. Davlat qattiq nazorat qiladigan 18 sanoat, jumladan kemasozlik va muhandislik sohalariga xorijiy sarmoya jalb qilinadi. Chet ellik investorlar bu yerda o’z biznesini yuritishi mumkin.
Shanxaydagi Fudan universiteti professori Sun Lijian so’zlariga ko’ra, asosan ishlab chiqarishga asoslangan iqtisodiy model tabiiy resurslarni batamom sarf qilgani va ekologiyaga ziyon keltirganini, uni o’zgartirish vaqti yetganini rahbarlar tushunib yetdi.
“Endi xizmat ko’rsatish sohasini rivojlantirish, ilm-fan va tadqiqotlarga urg’u berish, boshqalar bilan tajriba almashish kerak”, - deydi professor.
Hozirda Xitoyda qaysi sohani olmang, eng katta investor - hukumatning o’zi. Yangi zonada qoidalar boshqacha.
“Talab va taklifni hamda investitsiyalar qayerga kiritilishini bozorning o’zi belgilaydi. Xorijiy bizneslar ustidan nazorat susaytiriladi”, - deya tushuntiradi olim.
“Xitoy bozor tadqiqotlari guruhi” nomli kompaniya rahbari Shon Reyn fikricha, Shanxay loyihasi muvaffaqiyatli bo’lsa, keyinchalik butun mamlakat bo’ylab tatbiq etilishi mumkin.
“Erkin savdo hududida liberal moliyaviy sistemani joriy etish ko’zlangan. Uning qanchalik samarali bo’lishiga qarab, kelajak maqsadlar belgilab olinadi”, - deydi Reyn.
Yangi iqtisodiy zona mahalliy matbuotda keng yoritilyapti. Xitoyning boshqa mintaqalari ham hukumatdan shunday imtiyozlar olishga xayrixoh. Shon Reyn deydiki, loyiha uch yilga mo’ljallangan va uni kengaytirish haqida gapirishga hali erta.
“Xitoyning har bir shahri ana shunday erkin zona ochilishini istaydi, chunki xorijiy sarmoya kirib keladi, ish o’rinlari ko’payib, o’sishga turtki beradi. Lekin hukumat ehtiyotkorlik bilan harakat qilayapti. Savdo zonasini ochib qo’yib, uni 5-10 yil yaqindan kuzatishadi”, - deydi biznesmen.