Xitoy AQShning Iroq va Suriyada Islomiy davlatga qarshi xalqaro koalitsiya tuzish harakatlarini qo’llab-quvvatlashini bildirgan, biroq bu ishni barcha mamlakatlar suverenitetini saqlagan holda amalga oshirish kerak, deb hisoblaydi.
AQSh Prezidenti Barak Obama Islomiy davlatga urush e’lon qilib, Davlat kotibi Jon Kerri ayni damda unga qarshi koalitsiya tuzish bilan ovora. Bir necha arab davlatlari, Yevropadagi mamlakatlar bu kampaniyaga qo’shilmoqda. Xitoy ham terrorga qarshi harakatni qo’llab-quvvatlashini bildirdi.
Bu davlat Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Xua Chinyinning aytishicha, Xitoy xalqaro hamjamiyat terrorizmga qarshi hamkorlikda kurashishi kerakligini ta’kidlaydi.
"Biroq bu kurashda davlatlar hududiy daxlsizligini e’zozlash zarur", - deydi rasmiy.
Xitoyning boshqa mamlakatlar ichki ishlariga aralashmaslik siyosati uning Islomiy davlatga qarshi har qanday xalqaro koalitsiyaga qo’shilishiga imkon bermaydi. Biroq Xitoy neftning katta qismini Iroqdan oladi va qora oltin ta’minoti mamlakatdagi xavfsizlikka bog’liq.
Gonkongdagi Shahar universitetida siyosatshunoslikdan professor Jozef Channing aytishicha, Pekin Amerikaning koalitsiyani tuzishga qaratilgan harakatlariga qarshi chiqmaydi, chunki Islomiy davlatning Xitoy manfaatlariga ham zarar ekanini biladi.
"Xitoyning o’zi terrorizm, separatizm, diniy separatizmga qarshi kurashib keladi", - deydi olim.
Xitoy matbuoti hukumat qarorini olqishlaydi, ammo ehtiyot bo’lish lozim, urush Yaqin Sharqdagi manfaatlarimizga ziyon bo’lmasin, xalqaro qonun va davlatlararo munosabatlardagi qoidalarni oyoqosti qilmaslik kerak, deya tavsiya qiladi.
Islomiy davlat Xitoy va boshqa mamlakatlarni o’z hududlarida yashovchi musulmonlar huquqlarini buzayotganlikda ayblab, uning safiga xitoylik musulmonlar qo’shilganini da’vo qiladi.