Xitoy Osiyo bo’ylab o’zining harbiy va iqtisodiy ta’sirini oshirib bormoqda. Tashqi yordam va sarmoya orqali Pekin hatto Afrikagacha kirib bordi.
Your browser doesn’t support HTML5
So’nggi oylarda Xitoy rasmiylari “Ipak yo’li” deya atalayotgan ikkita yangi loyihani olg’a surmoqda. Ulardan biri quruqlik orqali o’tuvchi savdo yo’li bo’lsa, ikkinchisi dengiz orqali Xitoyni dunyoning boshqa qismlari bilan bog’lashni ko’zda tutadi.
Yaqinda Xitoyda bo’lib o’tgan Ipak yo’li iqtisodiy forumida mintaqa bo’ylab iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish masalasiga urg’u berildi.
Ipak yo’li qadimda Osiyondagi iqtisodiy markazlarni Yevropa va O’rta yer dengizi atrofidagi hudud bilan bog’lagan.
Xitoyning yangi loyihalari ana shu ko’hna g’oya asosiga qurilgan, deydi Xalqaro munosabatlar bo’yicha Fransuz instituti tadqiqotchisi Alis Ekman.
“Xitoy dengiz yo’li hamda Ipak yo’li iqtisodiy g’oyasiga bot-bot urg’u bermoqda. Bu haqda mintaqaviy siyosatni amalga oshirish bo’yicha maxsus strategiya ishlab chiqilsa ajabmas”, - deydi u.
Tahlilchiga ko’ra, g’oya yangilik emas, ammo Xitoy Ipak yo’li iqtisodiy zonalarini yangi bosqichga ko’tarmoqchi.
“Bu mavzu nega bugun katta ahamiyatga ega bo’lib qoldi? Chunki Xitoy mintaqaga e’tiborini oshiryapti. Xu Sintao davridagidan ham ko’ra hozir e’tibor ko’proq”, - deydi Ekman.
Region bo’ylab infratuzilma va savdo aloqalarini kuchaytirish uchun Pekin ko’hna Ipak yo’li g’oyasidan foydalanmoqchi. Masalan, Xitoy rejasiga ko’ra, quruqlikdan o’tadigan Ipak yo’li Markaziy Osiyo orqali Eron, Iroq, Suriya va Turkiyadan o'tib, Yevropaga yetadi.
Dengiz yo’li esa Hindistondagi Malakka bog’ozidan Keniyaga, so’ng Afrika bo’ylab O’rta Yer dengiziga hamda Venetsiyaga borishi ko’zda tutilgan.
Qadimdan Xitoy hukmdorlari savdo yo’llarini nazorat qilishga uringan. Yangi Xitoy yetakchilari ham shu yo’ldan ketmoqda.
Ekmanning aytishicha, Pekin o’z manfaatlarini himoya qilish uchun turli usullarga qo’l urmoqda. Janubiy Xitoy dengizidagi hududiy da’volarda tajovuzkorlik qilayotgan bo’lsa, Afrikani, asosan, iqtisodiy yordam orqali o’ziga jalb etishga urinmoqda.
BMT Taraqqiyot dasturi rasmiysi Stiven Sabey fikricha, Xitoy taqdim etayotgan xalqaro yordam ko’plab muammolarni bartaraf etib, oziq-ovqat ta’minoti va infratuzilmaning yaxshilanishiga hamda yangi ish o’rinlari yaratilishiga sabab bo’lmoqda.
“Ko’plab hukumatlar alal-oqibat ular qilayotgan ishlarning foydali ekanini tan olmoqda. Qishloq xo’jaligi treyning markazlarini tashkil etish, doktorlarni olib kelish hamda hukumat binolarini qurish ana shunday ishlar jumlasidan. Endi quyi qatlamlarda qashshoqlikni yo’qotishga to’g’ridan-to’g’ri hissa qo’shuvchi loyihalar amalga oshirilishi kutilyapti. Masala xitoylik hamkorlarimizning buni qila olishi haqida emas, balki uni qanday amalga oshirishi to’g’risidadir”, - deydi BMT vakili.
Pekin, shuningdek, Osiyoda erkin savdo zonalarini yaratish hamda hamkor davlatlar hududida Xitoy valyutasidan ko’proq foydalanish choralarini ham ko’rmoqda. Bunday hamkorlik nafaqat savdo ko’lamini oshiradi, balki Xitoyning energiya xavfsizligini ham ta’minlaydi.
Ammo ayrim tahlilchilar nazarida Xitoyning yangi savdo loyihalari yaxlit milliy strategiyaga asoslanmagan. Gonkong ilm-fan va texnologiya universiteti professori Berri Sautmanga ko’ra, Xitoy olg’a surayotgan tashabbuslar rang-barang va hatto bir-biriga ziddir.
“Kichik orollardan tortib Hindiston kabi ulkan rivojlanayotgan davlatlargacha Xitoy ta’siri kirib bormagan joy yo’q. Ammo Xitoy umumiy strategiyaga egami, degan savol bor. Nazarimda, ularda bir-biriga qarshi strategiyalar ham bor. Xitoyda ko’plab odamlar o’z rejalarini taqdim etyapti, ammo markaziy hukumat qabul qilgan yaxlit bir siyosat yo’q”, - deydi u.
Sautman fikricha, savdo loyihalari rasmiylar, tadbirkorlar hamda ilm ahli olg’a surayotgan qarama-qarshi g’oyalar asosiga qurilgan.